Yantoq, kiyikoʻt yoki kungaboqar asalidan totib koʻrganmisiz?

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Ekobozor” hududida birinchi marta asal yarmarkasi oʻtkazilmoqda.
photo5395551433400625861.jpg
“Asalning ming dardga shifo ekanligini odamlar yaxshi bilishadi. Shu bois bayram serfayz oʻtmoqda. Unda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan qirqqa yaqin asalarichilar ishtirok etmoqda. Mahsulotning turi, qaysi oʻsimlikdan olinganiga qarab shifobaxshlik xususiyati aniqlanadi. Bugungi kunda oshqozon, buyrak, yurak, jigar xastaliklari, tomoq ogʻrigʻi, shamollash, immunitet pastligi, kamqonlik, umuman, minglab kasallik borki, davosini asaldan topasiz.”
Bu Toshkent shahar asalarichilar uyushmasi raisi Farrux Musayevning soʻzlari edi.
Asal bayramida nafaqat asal, u bilan birga, gul changi, propolis, ona ari suti, mum, asalari uyasi singari inson salomatligi uchun gʻoyat ahamiyatli, tabiiy darmondori boʻlgan oʻnlab mahsulotlar arzon narxlarda sotilmoqda.
– Asalari parvarishlash bizga ota kasb, aka-ukalar hammamiz shu kasbni boshini tutganmiz, – deydi Komilbek Usmonbekov. – Menda 135 asalari oila bor. Bahordan yozgacha, Oqtosh togʻlarida, keyin esa Sirdaryo dalalariga tushamiz. Har yili 2,5-3 tonna asal olamiz.
Asal yarmarkasida yantoq asali, kiyikoʻt asali, joʻka (lipa), marjoʻmak asali, togʻ asali, kungaboqar asali ayniqsa, xaridorgir boʻlmoqda.
Asal bayrami 11 noyabrga qadar davom etadi.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA