Milliy statistikani rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar

Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida Davlat statistika qoʻmitasi tashabbusi bilan “Milliy statistika tizimi: nazariya va amaliyot” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 31 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish, statistika axborotlarini yigʻish, toʻplash, saqlash, qayta ishlash hamda ularni internet tarmogʻi, ommaviy axborot vositalari va mahalliy telekanallar orqali keng tarqatishni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi “axborot asri”da statistik axborotlarning erkinligi, oshkoraligini taʼminlash, mamlakatimizning rivojlanish koʻrsatkichlarini xalqaro statistik toʻplamlarda chop etish hamda turli yoʻnalishdagi reytinglarda aks ettirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, xalqaro statistik, iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.
Mamlakatimizning xalqaro reytinglarda xolis va toʻgʻri baholanishini taʼminlash maqsadida, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan xalqaro tashkilotlarning 23 savolnomasi doimiy ravishda toʻldirib kelinayotgani qayd etib oʻtildi. Hozirda qoʻmita Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa oʻrnatib, statistika sohasida samarali hamkorlik ishlarini olib bormoqda.
– Mazkur qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan Davlat statistika qoʻmitasida kompleks chora-tadbirlar dasturi, nazorat rejasi va vazifalarning har bir bandi ijrosi boʻyicha harakat rejalari ishlab chiqildi, – deydi Davlat statistika qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – Shuningdek, qoʻmita markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari tarkibi qaytadan koʻrib chiqilib, qoʻmita markaziy apparati tarkibida yangi boshqarmalar tashkil etildi. Statistik axborotlarning maksimal darajada ochiqligini taʼminlash maqsadida eʼlon qilinadigan koʻrsatkichlar tarkibi qayta koʻrib chiqilib, kengaytirildi. Qoʻmitaning rasmiy veb-sayti tahliliy maʼlumotlar, byulletenlar, doklad va press-relizlar bilan muntazam ravishda boyitib borilmoqda.
Davra suhbatida joriy yil yanvar-sentyabr yakunlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruzalar tinglandi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA