Hamkorlikda qabul qilingan qaror

Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqasida sobiq uran ishlab chiqarish chiqindilarini boshqarish muammolari va yoʻllariga bagʻishlangan Donorlarning muvofiqlashtiruvchi kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sogʻliqni saqlash va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Davlat ekologiya qoʻmitasi, Yevropa ittifoqi delegatsiyasi va Tojikistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B.Gʻulomov Markaziy Osiyo hududida tegishli uran qazib olish va qayta ishlash korxonalari yopilganidan soʻng holati ancha yomonlashgan uran qoldiqlari saqlanadigan joylar joylashganini taʼkidladi. Bu muammo ularning aholi punktlari, shuningdek, transchegaraviy daryolar sathiga yaqinligi sabab kuchayib bormoqda.

Yigʻilish ishtirokchilari hech mubolagʻasiz uning yechimida nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki bu masalada vakolatli xalqaro tashkilotlar ham jalb etilishi talab etiladigan yirik mintaqaviy muammo degan fikrda yakdil boʻldilar.

Ayni paytda mintaqa davlatlarining asosiy xalqaro sherik va donorlari bilan hamkorlikda muhim ekologik muammoni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda zaharlangan uchastkalarni qayta tiklash uchun taxminan 120 million yevro kerak boʻladi. Sobiq uran ishlab chiqarish obyektlarini ekologik sogʻlomlashtirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish va zarur mablagʻlarni jalb etish maqsadida Yevropa komissiyasi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Ekologik reabilitatsiya boʻyicha maxsus hisob taʼsis etildi.

Oʻzbekistonda istiqlol yillarida Toshkent va Namangan viloyati maydonlarida joylashgan avvalgi uran ishlab chiqarish obyektlarida byudjet mablagʻlari hisobiga ekologik sogʻlomlashtirish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilgan. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.

4.JPG

7.JPG
Yigʻilish doirasida qoldiqlar saqlanib qolgan joy yaqinida istiqomat qiluvchi aholi salomatligi holati, muammoli obyektlardagi radiatsion muhit monitoringi, qayta tiklash tadbirlarining natijakorligi, uran ishlab chiqarish chiqindilarini boshqarish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka bagʻishlangan maʼruzalar taqdim etildi.

Xalqaro hamkorlik natijasida soʻnggi yillarda ushbu masalani hal etishda sezilarli oʻsish surʼatlari kuzatildi. Jumladan, qoldiqlar saqlanib qolgan joylarning atrof-muhitga taʼsiri baholanib, tadqiqotlar oʻtkazildi, ularni qayta tiklash uchun zarur moliyaviy resurslarni samarali toʻplash uchun moliyalashtirishning aniq mexanizmi yaratildi. Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan yaqin hamkorlikda manfaatdor mamlakatlar tomonidan Markaziy Osiyoda sobiq uran obyektlarini qayta tiklash boʻyicha strategik reja ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Ekologik reabilitatsiya hisobini toʻldirishning ehtimoliy yoʻllari muhokama qilindi.

 

Roman Bondarchuk, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA