Qoraqalpogʻiston Respublikasida paxta yigʻim-terimi ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 1 ming 431 terim otryadi tashkil etilib, ularga 107 ming 500 dan ortiq terimchi biriktirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda 147 ming 800 tonnadan ortiq paxta davlatga topshirildi va shartnomaviy reja 80 foizdan oshdi.

– Bugungi kunga qadar 1 ming 229 fermer xoʻjaligi belgilangan shartnoma rejasini ortigʻi bilan bajardi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari A.Aminov. – Hali dalalarda hosil moʻl. Terimchilarga oldingi yillarga nisbatan ancha yuqori haq toʻlanayotgani ish unumdorligini taʼminlayapti.

Amudaryo tumani 33 ming tonnadan ortiq paxta topshirib, tumanlar orasida birinchi boʻlib shartnomaviy rejani 101,7 foizga bajardi.

Dalalarda “Hormang, paxtakorlar!” shiori ostida oʻtkazilayotgan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar doirasida madaniyat va sanʼat namoyandalari koʻngilochar dasturlar namoyish qilmoqda. Ilgʻor terimchilarga ragʻbatlantiruvchi sovgʻalar topshirmoqda.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA