28-31 oktyabr kunlari mamlakatimizda Rossiya yoshlar ittifoqi, ishbilarmon doiralari, oliy taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Rossiya yoshlar ittifoqi tomonidan “Hamkorlik, tashabbuslar va innovatsiyalar“ shiori ostida tashkil etilgan festival doirasida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida qiziqarli uchrashuvlar, tarixiy maskanlar boʻylab sayohatlar, Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar biznes-forumi, turizm boʻyicha amaliy konferensiya, yosh jurnalistlar va blogerlar kongressi kabi qator tadbirlar oʻtkazildi.
Festivalning soʻnggi kunida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi huzuridagi Yoshlar press-klubida tashkil etilgan sessiyada ushbu tadbirlar natijalari sarhisob qilindi.
Rossiya yoshlar ittifoqi Xalqaro biznes loyihalar markazi direktori Aleksey Yejov, Volgograd davlat universiteti prorektori Gennadiy Ivanchenko va boshqalar festival bahona ikki mamlakat yoshlarining doʻstona aloqalari kuchaygani, tadbirkorlik, turizm kabi sohalar boʻyicha keng tajriba almashilgani, yosh tadbirkorlar oʻrtasida erishilgan yangi kelishuvlar va imzolangan shartnomalar iqtisodiy hamkorlikka mustahkam zamin boʻlishini alohida taʼkidladi.
– Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor tashkil etilgan Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar biznes-forumi natijalariga toʻxtaladigan boʻlsak, ushbu tadbirda ikki mamlakat yosh tadbirkorlari turizm, taʼlim, farmatsevtika, tibbiyot kabi sohalarga doir 100 dan ziyod shartnoma va kelishuvlarni imzoladi, – dedi Rossiyaning “Invest Konsalting Realiti” kompaniyasi rahbari Ivan Kulshiskiy. – Xususan, bizning kompaniya “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi bilan “Rossiya va Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznes“ dasturi doirasida hamkorlik memorandumini imzoladi.
Festival doirasida Samarqand shahrida “Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida sayyohlar oqimini kengaytirishda yoshlarning oʻrni” mavzusida amaliy konferensiya tashkil etildi.
Sessiya ishida mazkur anjumanning yuqori saviyada va samarali oʻtganini taʼkidlagan rossiyalik ishtirokchilar mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, viza tartibi soddalashtirilgani, mehmonxona biznesi, ziyorat va gastronomik turizm yanada taraqqiy etayotganini eʼtirof etdi.
Sessiyada “Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar festivali. Hamkorlik, tashabbus va innovatsiya”deb nomlangan hisobot film taqdimoti ham oʻtkazildi. Festival jarayonidan tayyorlangan ushbu filmda ishtirokchilarning samimiy va koʻtarinki ruhdagi xitoblari yangradi:
“Shunday samimiy mehmondoʻstlik uchun Oʻzbekistonga katta rahmat!”, “Festivalda biz Oʻzbekiston – Rossiya yoshlari yaqin doʻstga aylandik”, “Vatanimizga qaytganimizda yaqinlarimizga goʻzal Toshkent, ertaknamo Samarqand va Buxoro haqida albatta soʻzlab beramiz”…
Taqdimotdan soʻng festival ishtirokchilari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muzeyi eksponatlari bilan tanishdi.
Festival Yoshlar ijod saroyida oʻtkazilgan ikki mamlakat yosh sanʼatkorlari ijrosidagi madaniy dastur bilan yakunlandi.