1544545_o_1.jpegHar yili 1-noyabr kuni Jazoir xalqi oʻz mustaqillik kunini keng nishonlaydi. Shimoliy Afrikadagi bu davlatning asosiy hududi Sahroyi Kabirda joylashgan boʻlib, uning bir qismi Oʻrta yer dengizi bilan tutashib ketgan. Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Marokash, Mavritaniya, Mali, Niger, Liviya va Tunis bilan chegaradoshdir. Aholisi taxminan 35 million nafar atrofida.

Jazoir 1962-yilning 18-martida Fransiya mustamlakaligidan xalos boʻlib, oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan. Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilning 30-iyunida oʻrnatilgan. Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasida neft-gaz metallurgiya yengil sanoat togʻ-kon sanoati boʻyicha aloqalar keng yoʻlga qoʻyilgan.

Jazoir tabiiy gaz zaxirasi boʻyicha jahonda 8-oʻrinda turadi, eksport hajmi borasida esa 4-pogʻonada bormoqda. Mazkur mamlakat neft zaxirasiga ham boy. Jazoir istiqlolga erishgach, Ahmad Ben Bella, shuningdek, Xuari Bumedyen Shadli Benjadid prezidentlik lavozimida ishlagan. Hozir esa davlat rahbari Abdulaziz Buteflikadir.

Mazkur davlatning birinchi rahbari Ahmad Ben Bella 96 yoshida vafot etgan. Uning oʻlimi mamlakat mustaqillikka erishgan sanaga toʻgʻri keldi. Ahmad Ben Bella taniqli siyosatchilardan biri sanaladi. Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining prezidenti, Milliy ozodlik fronti bosh kotibi lavozimida ishladi. U 1918-yilning 25 dekabrida Medea shahrida tavallud topgan. Ikkinchi jahon urushi davrda, yaʼni 1939-1945 yillarda Fransiya qurolli kuchlari tarkibida xizmat qildi. Urushdan soʻng Jazoir mustaqilligi uchun kurash olib bordi. 1952-yili Ahmad Fransiya hukumati tomonidan hibsga olindi, lekin oradan koʻp oʻtmay, Misr poytaxti Qohiraga qochishga muvaffaq boʻldi.

Ben Bella Milliy ozodlik fronti tashkilotchisi sifatida 9 nafar inqilobiy qoʻmita aʼzolaridan biri hisoblanadi. 1956-yilda Marokash aviakompaniyalaridan biriga qarashli samolyotda ketayotgan paytda Fransiya politsiyasi tomonidan yana qoʻlga olinadi. 6 yil davomida jazo muddatini oʻtaydi.

Evian shahrida imzolangan bitimga muvofiq Jazoir mustaqil davlat deb eʼlon qilindi. Mustaqillikning dastlabki yillarda Milliy Ozodlik fronti va Jazoir respublikasi muvaqqat hukumati oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Oʻsha yilning 20 sentyabrida siyosiy byuroning boʻlib oʻtgan taʼsis yigʻilishida Jazoir Xalq Demokratik respublikasi tashkil topdi. Aynan Ahmad Ben Bella uning rahbari etib saylandi. Oʻshanda mamlakatdagi vaziyat juda murakkab boʻlgan. Qurgʻoqchilik, ocharchilik, ishsizlik, bosh-boshdoqlik hukm surar edi. Aynan birinchi prezident boshchiligida mamlakatda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

1963-yilning 8-sentyabrida Ahmad Ben Bella Jazoir Xalq Demokratik respublikasining birinchi prezidenti sifatida qasamyod qabul qildi.

Agrar sohadagi islohotlarning paysalga solinishi, ishsizlar sonining yanada oshishi xalq orasida noroziliklarni keltirib chiqardi. Jazoir kasaba uyushmalarining 2-qurultoyida, yaʼni bu syezd 1965-yilning martida boʻlib oʻtgan edi, rahbariyatning yangi tarkibi mamlakatdagi iqtisodiy ahvolga xolisona baho berdi.

Oradan koʻp oʻtmay, 19-iyunda armiya Ahmad Ben Bellani hokimiyatdan chetlatdi. Mudofaa vaziri polkovnik Xuari Bumedyen inqilobiy kengash rahbarligini qoʻlga oldi. Sobiq prezidentni tinch qoʻyishmadi. Lavozimidan olib tashlangach, uni 1980-yilgacha qamoqda ushlab turishdi. Yaʼni uy qamogʻida. Keyinchalik Shveysariyada yashashiga ruxsat berishdi. Lozanna shahrida 10 yil davomida siyosiy qochqin sifatida yashadi va 1990-yili oʻz Vataniga qaytishga ruxsat oldi. Ahmad Ben Bella oʻtgan asrning 60 yillarida Jazoir rahbari sifatida Toshkentda ham boʻlgan.

2003-yili Ahmad Ben Bella Iroqqa qarshi kuch ishlatish xalqaro harakati prezidenti sifatida faoliyat yuritdi. Bundan tashqari, u bir partiyali davlat asoschisi sifatida Jazoirda demokratiyani qaror toptirish tarafdorlari safida boʻldi. Umrining oxirigacha u Afrika Ittifoqi oqsoqollar kengashi raisi lavozimida ishladi. Afrika Ittifoqi komissiyasi topshirigʻi bilan yuzaga kelgan qator mojarolarga barham berishda vositachilik qildi.

Ben Bella taniqli siyosatchi boʻlib yetishmasligi ham mumkin edi. Armiyada xizmat qilayotgan paytda u Marseldagi “Olimpik” futbol jamoasida markaziy yarim himoyachi boʻlib ham oʻynagan. Unga

professional futbolchi boʻlishni taklif qilishdi. Lekin jamoada qolishdan bosh tortdi. Ben Bellani Misr davlatining asoschisi Jamol Abdul Nosirning safdoshi sifatida eʼtirof etishadi.

Azimjon Poʻlatov,
“Oʻzbekiston” radiosi siyosiy sharhlovchisi

 

OʻzA