Mamlakatimizda oʻtayotgan Qirgʻiziston Respublikasi madaniyati kunlari doʻstlik, birodarlik, qardoshlik, hamjihatlik bayramiga aylanib ketdi.
Mazkur tadbir doirasida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Qirgʻiziston sanʼati ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert tashkil etildi. Shu munosabat bilan mazkur sanʼat koshonasiga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, milliy madaniy markazlarining vakillari, musiqa ixlosmandlari taklif etildi.
Koʻplab tantanalar, premyeralar, ijodiy loyiha va festivallarga guvoh boʻlgan mazkur teatr binosida shu kuni qirgʻiz xalqining joʻshqin kuy-navolari, jozibali raqslari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida qirgʻizistonlik hamkasblar bilan birga kelgusidagi ijodiy rejalar belgilab olindi. Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida qoʻshni davlat kinematograflari tomonidan ishlangan film muxlislarga taqdim etildi.Bu kabi madaniy tadbirlar qadim va navqiron Samarqand shahrida ham boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.
– Madaniyat kunlari asnosida oʻzbek xalqining boy merosi bilan ham tanishishga muvaffaq boʻldik, – deydi “Qambarqan” ansambli sozandasi Qurmanjon Akmatova. – Toshkentdagi bir qator ziyoratgohlar, tarixiy maskanlarga sayohat qildik. Muzeylarga bordik. Sanʼat sohasi vakillari bilan ijodiy muloqotda boʻldik. Bunday tadbirlar tafakkurimizni yanada boyitishda gʻoyat muhimdir.
Konsertda qirgʻiz sanʼat ustalari repertuaridagi eng sara kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi.