Aleksandr Lukashenko: Shavkat Mirziyoyevning Gʻarb bilan ham, Sharq bilan ham munosabatlari aʼlo darajada

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yangi bosqichga chiqarishga qaratilgan kelishuvlarni qoʻllab-quvvatlaydi. 
Bu haqda u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov bilan uchrashuvda maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “BelTA”.
Belarus Prezidenti Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston – Belarus hamkorligi izchil rivojlanayotganini alohida taʼkidlagan.
Shuningdek, u davlatimiz rahbari olib borayotgan tashqi siyosatga yuksak baho bergan. “Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshni davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashga erishdi, xalqaro maydonda oʻzini munosib tutmoqda, uning Gʻarb bilan ham, Sharq bilan ham munosabatlari aʼlo darajada”, – degan Belarus yetakchisi.
Aleksandr Lukashenkoning eslashicha, yaqinda mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida tomonlar istiqbolda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov shu kunlarda Belarus Respublikasida boʻlib turibdi. Tashrif doirasida Oʻzbekiston bozoriga Belarus mahsulotlari va harbiy ahamiyatga ega xizmatlarni yoʻnaltirish kabi masalalarga bagʻishlangan qator tadbirlar boʻlib oʻtishi kutilmoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA