Nobel mukofoti sovrindori bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Milliy universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan Shimoliy Karolina universiteti (AQSH) biokimyo va biofizika professori, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrifning birinchi kunida olim Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov, OʻzMU rektori Avazjon Marahimov, Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi.
– Bu yurt tuprogʻiga qadam bosish men uchun sharaf, – deydi A.Sanjar. – Qardoshlarimni koʻrishga keldim. Nufuzli mukofotga sazovor boʻlganimdan soʻng, dunyoning turli nuqtalaridan takliflar tushdi. Vaqt nuqtai nazaridan, koʻpini rad etishimga toʻgʻri keldi. Lekin turk qardoshlarim zamini Oʻzbekistonning, ushbu universitetning taklifini jon-jon deb qabul qildim. Bu – burchim. Xorijlik taniqli olimlarning tashrifidan yosh avlodning ilm bilan shugʻullanishiga boʻlgan qiziqishi yanada ortadi. Bu zaminning farzandlari kelgusida ulkan ixtirolar yaratishga qodirligiga sira shubham yoʻq. Chunki buning uchun taʼlim tizimida jiddiy islohotlar olib borilmoqda ekan. Men shuni aniq aytamanki, barcha muvaffaqiyatlarning kaliti – tajriba va amaliyot. Buni aytishdan aslo charchamayman. Shuning uchun ham farzandlarni 5-6 yoshidan tajriba, kashfiyotlar sari ilhomlantirish lozim.
“Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” deb nomlangan xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Shuningdek, unda mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi, vazirliklar va elchixonalar vakillari ishtirok etdi. Mazkur konferensiya buyuk olimning hayoti va ijodiga bagʻishlandi.
Tashrif davomida professor Aziz Sanjar bakalavriat, magistratura, doktorantura tahsil oluvchilari va tadqiqotchilarga “DNKning tiklanishi, saraton va kimyoviy davolash” mavzusida onlayn maʼruza oʻtdi. Mazkur maʼruza respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalari videokonferensiya studiyalarida translyatsiya qilindi.
Bundan tashqari, professor Aziz Sanjarning “Fan va milliy taraqqiyot” mavzusida Oʻzbekiston yosh olimlariga murojaati rejalashtirilgan. Soʻngra, olim OʻzMUning Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimida ham ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Joriy yilning 18-21 oktyabr kunlari professor Aziz Sanjar Urganch, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarining tarixiy meʼmoriy obidalarini ziyorat qilishi rejalashtirilgan.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA