Oʻzbekiston – Fransiya: tarixiy tashrif hamkorlikning yangi davrini boshlab berdi

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 8-9 oktyabr kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi muhim tarixiy voqea sifatida eʼtirof etilmoqda.

Mazkur tashrifning ahamiyati haqida ikki mamlakat keng jamoatchiligi vakillari, yirik tadbirkorlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Elyor Gʻaniyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda Fransiyaning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Ular orasida “Total”, “Total Eren”, “Orano”, “Airbus”, “Buig”, “Vence”, “Medef International” kabi dunyoga mashhur yirik kompaniyalar borligi eʼtiborlidir. Uchrashuvda fransuz ishbilarmonlari mamlakatimizdagi oʻzgarishlar, xususan, biznes vakillari, investorlarga keng yoʻl ochilayotgani, ularga sharoitlar yaratib berilayotgani, valyuta bozorining erkinlashgani boʻyicha ijobiy fikrlar bildirdi. Biznesdagi shaffoflikning taʼminlanayotgani bois, ular mamlakatimizda oʻz loyihalarini amalga oshirishni istashmoqda. Fransuz ishbilarmonlari respublikamizda biznes yuritishdagi byurokratiyaning, qogʻozbozlikning yoʻqolganini eng katta ijobiy oʻzgarish sifatida alohida qayd etmoqda.

Abdulaziz Komilov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:

– Davlatimiz rahbarining Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvida jiddiy va dolzarb masalalar muhokama qilindi. Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi qarashlarimiz, pozitsiyamiz bir-biriga mos kelishi eʼtirof etildi.

Mintaqadagi xavfsizlik masalalarini muhokama qilish chogʻida, albatta, Afgʻoniston muammosi ham koʻtarildi. Fransiya Prezidenti bu boradagi Oʻzbekiston siyosatini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Tadbirkorlar bilan boʻlgan uchrashuv ham samarali boʻldi. Prezidentimiz fransiyalik yirik ishbilarmon doiralar vakillari, tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga aniq javob berdi. Ular Oʻzbekistonda biznes yuritishga katta qiziqish bildirmoqda.

Boris Elizabet, “GEIP” farmatsevtika kompaniyasining sharqiy Yevropa qoʻmitasi rahbari:

– Kompaniyamiz yuz yillik tarix va oʻzining qadimiy anʼanalariga ega. Dunyoning koʻplab davlatlarida faoliyat yuritamiz. Ammo shu kunga qadar oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan aloqalarni yoʻlga qoʻymagan edik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan biznes-forumda ishtirok etdik va mamlakatingizni qayta kashf qildik. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bizni qiziqtirib qoʻydi. Shu bois mamlakatingizga tashrif buyurib, hamkorlik qilishni maqsad qildik. Taʼkidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xorijlik, xususan, fransuz kompaniyalarining Oʻzbekistonga kirib borishini qoʻllab-quvvatlaydi. Negaki, investorlarning Oʻzbekistonda faoliyat yuritib, sarmoya kiritishi uchun barcha huquqiy asoslar mavjud.

Jeremi Pelle, Fransiya taraqqiyot agentligi ijrochi direktori oʻrinbosari:

– Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumida mamlakatingiz ishbilarmon doiralari vakillari bilan shartnomalarni imzolashga muvaffaq boʻldik. Maqsadimiz, yurtingizga katta investitsiya kiritishdir. Dastlab olti yuz ming yevro, keyinchalik esa buni yanada oshirish niyatidamiz. Agrar, qayta ishlash sanoati, suvni tozalash, turizm kabi sohalarda ham hamkorlik qilish rejamizda bor. Oʻylashimcha, vataningiz keng imkoniyatlarga ega. Bu tashrif esa bizning imkoniyatlarimizni ishga solish uchun muhim qadam boʻldi. Davlatingiz rahbarining har bir fikri va taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Giyom Melman, “Fivs” metallurgiya va shisha ishlab chiqarish kompaniyasi prezidenti:

– Asosiy maqsadimiz mamlakatingizda shisha ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirishdir. Shu maqsadda biz Jizzax viloyatiga eng zamonaviy rusumdagi texnologiyalarni olib kirmoqchimiz. Bu bilan Oʻzbekistonda shisha ishlab chiqarish salohiyati 3-4 barobarga ortishi mumkin. Shuningdek, avtosanoatga ham eʼtiborimizni qaratmoqchimiz. Aslida Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhiti bizga yaxshi tanish. “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatlari bilan hamkorlikda ishlab kelamiz. Shu bois ham uzoq muddatli hamkorlikni moʻljallayapmiz.

Jeraldin Lemble, “Medef International” kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun samarali muloqotga asos soldi. Bu tashrif doirasida oʻtkazilgan biznes-forum amaliy natijalarga boy boʻldi. Yaxshi maʼlumki, tadbirkorlar u yoki bu mamlakatga tomosha uchun bormaydi. Ularning aniq maqsadlari boʻladi. Qaysiki mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yaxshi boʻlsa, investitsiya kafolatlansa oʻsha yurtga tadbirkorlar kirib keladi. Bugungi Oʻzbekistonda shunday muhit mavjud ekanini yana bir bor namoyon etdi. Shavkat Mirziyoyevning tashrifidan soʻng fransuz kompaniyalarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortmoqda.

Frederik Bopertyui-Bressand xonim, Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganish assotsiatsiyasi prezidenti, tarixchi olima, Samarqand shahri faxriy fuqarosi:

– Bundan 30 yil muqaddam Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganish assotsiatsiyasini tashkil qilganimizda Samarqand, Oʻzbekiston haqida juda kamchilik bilardi. Boshlanishiga juda qiyin boʻlgan. Bugun koʻpchilik fransuzlar Oʻzbekistonni yaxshi biladi, xalqingiz madaniyatiga qiziqadi. Fransuz arxeologlari bilan oʻzbek olimlari oʻrtasida hamkorlik kuchaymoqda. 2019-yilda Toshkent va Samarqandda bir qator tadbirlarni oʻtkazishni rejalashtirganmiz.

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Men Shavkat Mirziyoyevni Samarqand viloyati hokimi boʻlgan vaqtdan buyon bilaman. U bugun mamlakatni shaffof tamoyillarga asoslangan yangi islohotlar ruhi bilan boshqarmoqda. Bu Oʻzbekiston uchun juda muhim.

Frans Grene, arxeolog olim, Samarqand shahri faxriy fuqarosi:

– Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib Fransiya davlatiga arxeologik qazishmalarni olib borishga ruxsat bergan. Biz 1998-yili mamlakatingizda arxeologik tadqiqotlar bilan shugʻullanganmiz. Xususan, Afrosiyobdagi topilmalar ustida ishlaganmiz. Oʻzbekiston va Fransiyaning madaniy va taʼlim sohasidagi aloqalari davom etib kelmoqda. Men Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi eng koʻp madaniy obidalarga ega mamlakat sifatida bilaman. Oʻzbekiston turistik jozibador diyor. Bu yerda sayyohlik rivojlansa davlat iqtisodiyotiga katta daromad kelishi aniq.

Yanik Lins, Luvr muzeyining Islom sanʼati departamenti direktori:

– Biz 2021-yil oktyabrda ochilishi kutilayotgan Oʻzbekiston ekspozitsiyasi toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladik. Oʻzbekiston Prezidenti Luvr muzeyiga tashrif buyurib, ushbu yirik loyihani qoʻllab-quvvatladi. Bu koʻrgazma Oʻzbekistonning Buyuk ipak yoʻlida tutgan oʻrniga bagʻishlanadi. Insoniyat va islom dunyosi tarixida Oʻzbekiston madaniyati eng muhim manbalardan biridir. Biz dunyoning turli burchaklaridan Luvrga keladigan millionlab mehmonlarga Xitoy, Hindiston, Eron, Yaqin Sharq bilan tarixiy chorrahada joylashgan Oʻzbekistonning tarixi, tamadduni, madaniyati qanchalik bebaho va qimmatli ekanini namoyish qilib kelamiz.

 

OʻzA