Qozogʻiston Oʻzbekiston bilan yangi savdo zonasi va “Turkiston” oʻtish punktini tashkil etadi

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev hukumatga Oʻzbekiston bilan birgalikda yangi savdo zonasi va “Turkiston” oʻtish punktini tashkil etish masalasini oʻrganish topshirigʻini berdi. 
“Markaziy Osiyo” xalqaro savdo zonasini tashkil etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq. Bu ham Turkiston viloyati, ham butun respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga kuch baxsh etadi. Bizda 2020 yilga borib Oʻzbekiston bilan oʻzaro mahsulot ayirboshlash hajmini yiliga 5 milliard AQSH dollariga yetkazish imkoniyati bor. Shuning uchun hukumatga Turkiston hokimiyati bilan birgalikda oʻzbek tomoni bilan xalqaro savdo zonasi hamda yangi “Turkiston” xalqaro nazorat oʻtish punktini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqishni topshiraman”, deydi Nursulton Nazarboyev.
2018 yil Qozogʻistonda “Oʻzbekiston yili“ deb eʼlon qilingan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2017 yil yakunlari boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi 8.6 foizga koʻtarilib, 2 milliard AQSH dollaridan oshgan. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekistonning Qozogʻiston bilan mahsulot ayirboshlash hajmi 52 foizga oshgani holda, oʻzbek eksporti 48 foizga koʻpaygan.
Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev yirik kompaniyalar rahbarlariga Turkiston viloyatining maʼmuriy markazi Turkiston shahrida bittadan obyekt qurishni topshirdi, deya xabar berdi Turkiston viloyati matbuot xizmati.
N.Nazarboyev Turkiston viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga qaratilgan majlisda shu topshiriqni berdi. “Davlat rahbari har bir inshootni qogʻozda aniq belgiladi va qurilish kimga topshirilganini yozib qoʻydi”, deyiladi hokimiyat xabarida.
Davlat tomonidan doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelinadigan tadbirkorlar orasida “ENRC“ korporatsiyasi egasi milliarder Pattoh Shodiyev ham bor. Unga xabarlarga koʻra, Turkistonda turk xalqlari muzeyini qurish topshirildi.
“KazMunayGaz” kompaniyasi boshqaruv raisi Sauat Minbayevga xalqaro talablarga mos keladigan stadion qurish topshirildi.
Hokimiyat xabariga koʻra, “BI Group“ kompaniyasi “Qozoq xonlari, biylari va botirlari Markazini” quradi, “Xayvill Kazaxstan” qurilish firmasi esa turar joy majmualarini barpo eta boshlaydi.
Qozogʻiston temir yoʻllari magistral tarmogʻi operatori —“Kazaxstan temir jolы” kompaniyasi Yoshlar saroyini quradi, “KEGOC“ kompaniyasi esa “Xoʻja Ahmad Yassaviy mini-muzeyi”ni barpo etadi.
Oʻz navbatida, tadbirkor Daniyar Abilgazin suv sport majmuasi qurishga vaʼda berdi. Tadbirkor Nurlan Smagulov — avtosalon ochishga vaʼda berdi.
Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev Turkiston shahriga safari chogʻida yaqinda respublika ahamiyatiga molik shahar maqomini olgan Chimkent tarkibidan chiqishi munosabati bilan mintaqa iqtisodiy bazasi pasayishi fonida Turkiston viloyatining moliyaviy barqarorligi mustahkamlanishining muhimligi haqida maʼlum qildi.
Bu haqda Qozogʻistonning Turkiston viloyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish yakunida maʼlum boʻldi, deb xabar beradi mahalliy OAV.

 

OʻzA