“Axborot“ televizion dasturi efirga chiqqaniga roppa-rosa 50 yil toʻldi. Bu dastur 1968-yili birinchi boʻlib efir yuzini koʻrgan edi. Yarim asr mobaynida, bugun ham Oʻzbekiston xalqi Respublika ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida sodir boʻlayotgan barcha muhim voqealardan Oʻzbekiston televideniyesining ana shu bosh yangiliklar dasturi orqali voqif boʻlib kelmoqda.

“Axborot” soʻnggi 27 yildan buyon Oʻzbekiston Mustaqilligining solnomasiga aylangan. Unda kechqurun, teletomoshabinlar eng koʻp yigʻilgan pram-taymda, Respublika mehnatkashlarining ulkan mehnat gʻalabalari, davlat rahbarining bayram tabriklari, sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi ilgʻorlarining yutuqlaridan xabar topamiz.

“Axborot” yoki “Oʻzbekistonning Vremya”si Moskva televideniyesining jahonga mashhur “Vremya” axborot dasturi efirga chiqqanidan roppa-rosa olti oy keyin efirga chiqadi va respublika teletomoshabinlarining har kuni orziqib kutadigan sevimli televizion yangiliklar koʻrsatuviga aylandi. Har bir ishning oʻz ijodkori, tashkilotchisi boʻlganidek, Oʻzbekiston televideniyesida Respublikaning bu bosh yangiliklar dasturiga taniqli televizion jurnalist Anvar Zahidovich Tojiyev boshchiligidagi 10-12 kishidan iborat ijodkor asos solgan edi. 1968-yili Moskvadagi Oliy partiya maktabini bitirib kelgan Anvar aka Tojiyev televideniyeda ana shu nom bilan axborot dasturini tashkil etish taklifi bilan chiqadi. Bu taklifni Respublika televideniyesi Badiiy Kengashining barcha aʼzolari bir ovozdan qabul qiladilar. Zahmatkash ijodkor Anvar Tojiyev bugun 80 yoshdan oshib 90 ga qarab ketishiga qarmay hayotda, ijodda hamon faol. U kishi tomonidan yozilgan badihalar, miniatyuralar, suhbatlar bot-bot respublika gazeta va jurnallarida chop etilib turibdi. Anvar Tojiyev Oʻzbekiston televideniyesida berilgan birinchi teleocherk, birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri televizion reportaj janrlarining asoschisi. Oʻtgan asrning 60 yillarida Anvar Tojiyev tomonidan tayyorlangan Chirchiqdagi Elektrkimyo kombinati operatori, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Omon Ilyosov haqidagi telekoʻrsatuvi, Fargʻona viloyati Beshariq tumani qishloq mehnatkashlarining yillik paxta tayyorlash rejasini bajarganligi toʻgʻrisidagi Beshariqdan toʻgʻridan-toʻgʻri olib bergan reportaji yoki Zarafshon oltin koni ishchi-xizmatchilaridan 11 kishiga, jumladan, akademik Ibrohim Hamroboyev bilan mashhur geolog Habibulla Toʻlaganovlarga shu paytdagi Ittifoqdagi eng nufuzli Lenin mukofotini topshirish tantanalaridan olib borgan reportajlari, shuningdek, mashhur xonandalar, Oʻzbekiston xalq artistlari Tavakkal Qodirov bilan Jalolxon Oxunovlarning bayram konsert dasturlari Oʻzbekiston televideniyesining tarixiga oltin harflar bilan yozilgan. Biz bugun Oʻzbekiston televideniyesining “Axborot” dasturi xodimlari va kamtarin inson, mohir jurnalist, oʻnlab jurnalist shogirdlar ustozi Anvar aka Tojiyevni, “Axborot”da ishlagan yuzlab televideniye xodimlarini “Axborot” televizion dasturining 50 yillik yubileyi bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Ularga sogʻlik, sihat-salomatlik, uzoq umr, bundan buyon ham Respublika hayotini operativ va haqqoniy yoritishdagi ishlariga kattadan-katta muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

“AXBOROT – 50 yoshda” nomli navbatdagi material “Axborot” televizion dasturini tashkil etgan va uni 22 yil mobaynida boshqargan jurnalist, televideniye faxriysi Anvar Tojiyevga taalluqlidir.

AXBOROT – 50 yoshda

“Axborot-24” dasturini har kuni koʻraman. Bu dastur respublikamizning aksariyat aholisi uchun asosiy maʼlumotlar manbai boʻlib qolgan desam yanglishmayman. Dasturning tezkorligi, koʻtarilayotgan mavzularning salobatligi va qamrovining kengligi, jurnalistik mahorat kabi talablar yuqori talab darajalariga mos keladi. Bular – yuqori malakali sharhlovchilar, boshlovchilar, muxbirlar, rejissyorlar, tasvirchilar, montajchilar mehnatining yaxlit natijasidir. Men bu dasturni koʻrib, quvonaman, faxrlanaman. “AXBOROT”ning bugungi darajaga erishishi dastur jamoasining 50 yillik ijodiy va tashkiliy faoliyatining yakuni ekanini taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Bunday deyishimga asos – men 1962-yili televideniyega muharrir boʻlib ishga kelgan edim.1968-yili Moskvada oʻqishni tugatib, qaytishim bilan “Televizion yangiliklar” tahririyatiga Bosh muharrir etib tayinlandim. Bu lavozimda

22 yil ishlab, nafaqat “Axborot” dasturi, ayni vaqtda, respublikamiz hayotida yuz bergan deyarli hamma yirik voqealarning shohidi boʻldim va shu voqealarni “Axborot” orqali respublikaga va undan tashqariga uzatishda ishtirok etdim. Yetmishinchi-saksoninchi yillari “Axborot” respublikaning eng tezkor va keng qamrovli maʼlumotlar manbaiga aylanganini zamondoshlarimiz eslasalar kerak. Buning uchun dastur xodimlari uzoq va mashaqqatli davrlarni boshdan kechirgan edilar. Hatto, dasturning nomini “Axborot” deb atalishiga qanchalik qarshilik boʻlganini yaxshi eslayman. Nima uchundir bizga dasturni “Telegazeta”, “Yangilik” kabi nomlar bilan atashni talab qilishgandi. “Axborot” dasturi yarim asrdan beri, har kuni, belgilangan vaqtda millionlab tomoshabinlarni oʻz davrasiga olib, dunyo voqealaridan boxabar qiladi, yurtimizni dunyoga tarannum etadi. (bu davr ichida biror marta “Axborot” biror sabab bilan ekranga chiqmay qolgan emas!)

Oʻtmishimizga nazar: 1966-yil 1-yanvar kuni Oʻzbekiston televideniyesi shoshilinch ravishda ittifoq telekanaliga ulangan edi. Sababi – oʻsha vaqtda Hindiston bilan Pokiston oʻrtasida yuz bergan qonli toʻqnashuv bu ikki davlat rahbarlarining 1966-yil 10-yanvarda Toshkentda boʻlgan uchrashuvi natijasida barham topib, sulh shartnomasi imzolandi. Shu tufayli “Toshkent – tinchlik shahri” degan nom oldi. Bu uchrashuv va uning yakuni – sulh kelishuvi olamshumul voqea boʻlib, u birinchi marta Toshkentdan bevosita butun dunyoga olib koʻrsatildi.

Shu kuni dunyo Toshkentni koʻrgan edi. Bu masʼul vazifani oʻzimizda tarbiya topgan qora koʻz yigitlarimiz amalga oshirgan edilar. 1968-yilning 1-yanvar kuni markaziy televideniye “Vremya” nomli yangi axborot dasturini efirga uzatdi. Uning dastlabki sonlari kamchilik va yanglishuvlardan xoli boʻlmasa ham, biz uchun, nafaqat televideniye xodimlari uchun, mamlakat aholisi uchun katta voqea boʻlgan edi. Biz xabar va maʼlumotlarni voqea yuz berayotgan joydan, tezkorlik va sharhi bilan koʻra boshladik. Yevropa va jahon televideniyesi ishi, tajribasi bilan tanisha boshladik.

Biz qachonlardir bunday dasturni tayyorlab efirga uzatishni xayolimizga ham keltira olmas edik. Kuchimiz, imkoniyatimiz, tajribamiz yetmasligini aniq bilardik. Ulardagi mavjud texnika, xodimlarning kasb mahorati kabi talablar bizga mutlaqo notanish edi. Avvalo, oʻsha vaqtda Oʻzbekiston televideniyesi atigi bitta dasturda, kech soat 18:00 dan boshlanib, 23:00 da tugallanar, uning orasida markaziy televideniyening “Vremya” va boshqa dasturlari olib koʻrsatilar, boʻsh qolgan vaqtlarda esa bizning koʻrsatuvlar, jumladan, ruscha (10 min) va oʻzbekcha (15 min) “Televizion yangiliklar” dasturlari efirga chiqar edi. “Vremya” dasturi doim bir vaqtda efirga uzatilgani sababli, bizning “Televizion yangiliklar” dasturlarimiz ham doimiy bir vaqtda, efirga chiqadigan boʻlib qoldi. (rus tilida soat 19:30da va oʻzbekcha soat 20:30 da).

Har kuni “Vremya” dasturini koʻrishni hamma xodimlarimiz uchun qoida qilib qoʻydik. Biz uchun yagona mahorat maktabi ham shu edi-da. Biz har kuni atigi 2 ta kinosyujet tayyorlab, efirga uzatish qudratiga ega edik. U vaqtda hali videotexnika yaratilmagan, kinofilmlarni tasvirga olishda qoʻllanadigan murakkab va beoʻxshov kinoapparatlarda ishlar edik. Kinolentalarni kimyoviy ishlash, montaj qilish, nusxa koʻchirish ancha vaqt va mehnat talab qilardi. Televideniye janrlari hali taraqqiy etmagan, intervyu, reportaj, lavhalarni tayyorlash faqat orzu edi, xolos. Kinolentalar cheklangan, uning ustiga apparatlar buzilishi tufayli koʻp lentalar ishdan chiqib, ishlatib boʻlmay qolardi. Dasturlarda foto, eski kinojurnallardagi syujetlardan keng foydalanar edik. Biror oliy oʻquv yurtlarida televideniye mutaxassisliklari boʻyicha mutaxassislar (reportyor, tasvirchi, rejissyor, sharhlovchi va hokazo) tayyorlanmas, xodimlar asosan gazeta va radiodan taklif etilardi. “Vremya” ekran yuzini koʻrgan birinchi kunlardanoq, televideniye rahbari Ubay Burhonov (ruhi shod boʻlsin!) bizga har kuni “Vremya”ning kechagi sonini tahlil qilish, undan nimani biz qila olishimizni aniqlash, shu kungi dasturga bitta yangilik kiritishni talab qilar, biz bilan kundalik rejani tuzishga boshchilik qilar, xodimlarga shoshilinch topshiriqlar berardi. Xullas, “Axborot”ning (hozirgacha umrboqiy boshqa qator koʻrsatuvlarning ha

m) asoschisi, “otasi” Ubay Burhonov boʻlgan edi.

Bizning avlod bu odamning mahorati, gʻayratiga qoyil qolar, hammamiz uni “televideniye bilimdoni” deb atardik. Uning “Vremya”ning kechagi sonida qaysi material sizga yoqdi?”, “Biz ham shunaqa tayyorlay olamizmi?”, “Bugun dasturga nima yangilik kiritamiz?” degan gaplari uzoq yillar davomida qulogʻimiz oldida yangraganday boʻlardi. 1968 yilning yozida qoʻrqmasdan yakshanba kuni dasturiga “Axborot” nomli 30 minutlik tahliliy-axborot dasturi kundalik koʻrsatuvlar jadvaliga kiritildi va efirga uzatila boshlandi. Bu ishning mushkulligini koʻz oldingizga keltiring. Yakshanba kuni, hamma idoralar va tashkilotlar dam olayotgan vaqtda biror maʼlumotni surishtirib, aniqlab olishning imkoni boʻlmasdi.

1975-yilga kelib, 30 minutlik “Axborot” dasturi oʻzbek tilida har kuni, doim bir vaqtda efirga chiqadigan boʻlib qoldi. Bu dastur atrofiga avval sport, madaniyat, xalqaro masalalar, “shu kunning eng muhim mavzusi” boʻyicha, keyinroq, iqtisodiy, siyosiy masalalar boʻyicha sharhlovchilar toʻplana boshladi. Yirik qurilishlarda (Qarshi choʻlini oʻzlashtirish, Chorvoq va Andijon suv ombori, Olmaliq sanoat zonasi va boshqa) joylarda “Axborot”ning muxbirlik postlari tashkil etila boshladi. Dastlab Samarqand, Buxoro, Urganch, Fargʻona, Andijon viloyatlarida, keyin boshqa joylarda “Axborot” muxbirlari punkti tashkil etildi. Dastlabki tor kinolentaga tasvirga oladigan kinoapparatlar keltirildi. Qulay videoapparatlar faqatgina toʻqsoninchi yillarigina kelgan. “Axborot” tanqid qiladi ”rukni respublikada katta obru qozondi. Xodimlarimiz oddiy syujetlardan lavha, reportaj, intervyu tayyorlay boshladilar. Respublikaning eng mashhur kishilari muntazam ravishda “Axborot”da soʻzga chiqadigan boʻlishdi. (Oʻsha vaqtda eshitgan gapimiz: bir ilgʻor xoʻjalikda yil yakuni boʻyicha kimni qanday taqdirlash haqidagi masala muhokama qilinib, unda bir xodimni ordenga, yana birini medalga, uchinchisini “Axborot”da soʻzga chiqishga tavsiya etish haqida qaror qabul qilingan ekan). Oʻsha vaqtlarda Respublikamizning eng taniqli kishilari – Tursunoy Oxunova, Shoymardon Qudratov, Mamajon Dadajonov, Ahmadjon Valiyev, Nazrulla Mannonov (aviasozlik zavodi) kabi Mehnat qahramonlari, fan va madaniyat arboblari, xorijiy mehmonlar “Axborot” dasturida soʻzga chiqishgan, intervyu berishgan, oʻz ish tajribalari bilan oʻrtoqlashishgan edi.

“Axborot” dasturi Oʻzbekiston televideniyesida birinchilar qatori oʻz koʻrsatuvlarini rangli tasvirda namoyish etishga oʻtgan. Toshkent telemarkazining yangi binosi qurilishi bilan tanishgani kelgan, oʻsha vaqtlardagi respublika rahbari Sharof Rashidov “Axborot” dasturining mavqeini nazarda tutib, uni ham (musiqali va dramatik dasturlar qatori) birinchi navbatda rangli tasvirga oʻtkazish zarurligini taʼkidlagan edi.

Shuni faxr bilan aytishim mumkinki, Kuba davlatining rahbarlari Fidel va Raul Kastro Rus, Shvetsiya qiroli Karl Gustav, Hindiston bosh vazirlari – Vajpay, Rajiv Gandi, Bangladesh davlatining prezidenti Mujibur Rahmon, Angola prezidenti Agustino Neto kabi davlat arboblari, Chingiz Aytmatov, turk adibi Aziz Nesin, Rossiya xonandasi Lyudmila Zikina, 20 dan koʻproq kosmonavtlar, hind kino ustasi Raj Kapur, amerikalik mashhur bokschi Muhammad Ali va boshqalar “Axborot” muxbirlariga intervyu berishgan.

“Axborot”ning birinchi sonidan boshlab, uni tayyorlashda qatnashgan Meli Mirxoʻjayev, Hasan Hamrayev, Abdulla va Usmon Karimovlar, Boqijon Imomov, Toʻlaboy Roʻzmatov, Anvar Yoqubovlar butun umrlarini televideniyega bagʻishlagan fidoyi odamlar boʻlishgan. Keyinchalik bu guruhga qoʻshilgan muharrirlar Toʻra Raximov, Irismat Abduxoliqov, Georgiy Minin, Kimyo Xoʻjayeva, Gulnora Mahkamova, Anvar Rashidov, Bobur Alixonov, Abduhakim Turgʻunov, Mahmud Oripov, Botir Sharipov, Novroʻz Rizayev, Navroʻz Mavlonov, Abduvahob Qodirov, muxbirlar – Gʻani Doschonov, Ozod Ashurov, Teshaboy Qodirov, Anatoliy Kim, Muxsin Fayzullayev, rejissyor Mirfayoz Rustamov, Valeriy Tverdoxlebov, Said Zokirov, Saidnosir Husanov, Shuhrat Abdullayev, tasvirchilar Neʼmat Inogʻomov, Nuriddin Ziyomuhamedov va boshqalar oʻz kasblariga sadoqat koʻrsatib, umrlarini shu dargohga bagʻishladilar. “Axborot”chilardan 11 kishi (Gulnora Mahkamova, Muhammadjon Rahmatov, Abduhakim Turgʻunov, Komiljon Karimjonov, Farrux Ras

ulov, Teshaboy Qodirov, Nodir Toʻlaganov, Farhod Mahmudov, Muattar Asqarova, Muhammadjon Obidov, Abdurauf Qorjovov,) “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist”, Dadaxon Yoqubov – Xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, “Axborot”ga xizmat qilgan 2 tasvirchi (Neʼmat Inogʻomov, Vladimir Panov) “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvonlariga sazovor boʻlganlar.

Oldin qilingan ishlar, bosib oʻtilgan yillarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Shu bilan bir qatorda bugungi Axborot“chilarning ham ijodiga, mehnatiga katta baho beraman. Ularning faoliyatini igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli harakatga tenglash adolatdan boʻlar edi. Ayniqsa, Nyu-York, Pekin, Istanbul va dunyoning boshqa burchaklaridan bevosita reportajlar olib borayotgan, davrimizning eng muhim mavzularini va muammolarini ekranga koʻtarib chiqayotgan “Axborot”chilar, tahririyatning qator yetakchi xodimlari oʻz salohiyatlari bilan respublikaga tanilganlar.

Bugungi kunda qilinadigan ishlar va talablar juda ham katta ekanligi hammamizga ayon. Oʻzbekiston siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda jahon hamjamiyatining dastlabki yetakchi mamlakatlar safidan joy olishga astoydil bel bogʻlagan. Yurtimiz rahbari Sh. Mirziyoyevning jon kuydirib oldimizga qoʻyayotgan vazifalarni amalga oshirishda “Oʻzbekiston 24” kanali va “Axborot” dasturining masʼuliyati juda katta. Hech shubhasiz, ellik yil davomida ommaviy axborot vositalari orasida oʻzining doimiy va yetakchilik oʻrniga ega boʻlgan tele “Axborot”chilar bu vazifalarni xalqimizni mamnun qiladigan darajada bajaradilar deb ishonch bilan aytishimiz mumkin.

Anvar Tojiyev, televideniye faxriysi,
 
1968-90-yillarda “Axborot” dasturining Bosh muharriri