Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida bu haqda qayd etildi.
Masʼul tashkilotlar 2018 yil 1 noyabrgacha qishloq joylarda bir nechta koʻp qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartibini ishlab chiqadi. Hamda koʻp qavatli turar joy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino koʻrinishida maktabgacha taʼlim muassasasi boʻlishi yuzasidan takliflarni beradi.
Qarorda belgilandiki:
Qishloq joylarda bir nechta koʻp qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha taʼlim muassasasining eng kam quvvati 50 oʻrindan kam boʻlmaydi.
Qurilgan maktabgacha taʼlim muassasalari binolari yoki xonalari davlat yoki nodavlat taʼlim muassasalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida, turar joy mulkdorlarining qaroriga muvofiq tashkil qilish uchun foydalanilishi mumkin.
Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va koʻchmas mulkni olib qoʻyish faqat Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Kelishmagan holda qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
B.Meliqulova, OʻzA