Joriy yilning 27-28 sentyabrida Toshkent shahrida Qimmatli qogʻozlarning Markaziy depozitariysi tashkilotchiligida Yevroosiyo markaziy depozitariylari uyushmasining XV xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtadi.
Yevroosiyo markaziy depozitariylari uyushmasi (YEMDU) – Yevroosiyoning 14 mamlakatidagi 15 markaziy depozitariyni oʻzida jamlagan birlashma hisoblanib, uning asosiy maqsadi – depozitar faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish, ushbu joʻgʻrofiy maydonda yagona “depozitar sath” yaratish, MDH mamlakatlari markaziy depozitariylarining qimmatli qogʻozlar bilan bitimlar boʻyicha hisob-kitoblarning umumjahon tizimiga kirishini taʼminlash hisoblanadi.
Yevroosiyo markaziy depozitariylari uyushmasi markaziy depozitariylarning forumlarida (WFC) muntazam ishtirok etadi, Afrika va Yaqin Sharq depozitariylarining uyushmasi (AMEDA), Yevropa markaziy depozitariylarining uyushmasi(ECSDA), Amerika markaziy depozitariylarining uyushmasi(ACSDA) va Osiyo-Tinch okeani qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariylari uyushmasi (ACG) bilan faol hamkorlik yuritadi.
Konferensiyada uyushmaga aʼzo markaziy depozitariylarning, xalqaro markaziy depozitariylarning, qimmatli qogʻozlar bozori muvofiqlashtiruvchilarining, investitsiya banklarining, SWIFT va reyting agentliklarining vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda. Konferensiya auditoriyasini davlat hokimiyati organlari, xalqaro tashkilotlar, aksiyadorlik-tijorat banklari, Davlat raqobat qoʻmitasi, Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari vakillari tashkil etadi.
Konferensiya dasturining birinchi kungi ish tartibidan transchegaraviy hamkorlikning qonunchilik jihatlari va qimmatli qogʻozlar xalqaro bozorining instrumentlari mavzusidagi ikki sessiya, shuningdek biznesni diversifikatsiyalashga innovatsion yondashuv va sarmoyadorlarning huquqlarini va aktivlarning saqlanishini himoya qilish masalalari muhokamasi oʻrin olgan.
Konferensiyaning ikkinchi kunida esa, YEMDU aʼzolari uyushmaning yillik hisobot yigʻilishi doirasida uyushma faoliyatiga doir masalalarni, shu jumladan 2017 yil yakunlarini muhokama qiladilar.