Mamlakatimizda ilm-fan yanada ravnaq topadi

Mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, ijtimoiy-siyosiy yuksalishi bevosita malakali va tajribali kadrlarga bogʻliq. Shu bois, har bir davlat ilm-fanning ravnaq topishiga alohida eʼtibor qaratadi. 
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni ham sohada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.
Xoʻsh, mazkur hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar nimalarda oʻz aksini topadi?
Unga muvofiq, xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, taʼlim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning boshqa istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi materiallar va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qoʻllash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar oʻrnatish, xorijda Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va qoʻllab-quvvatlashda, shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning nufuzli taʼlim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish jamgʻarmaning asosiy vazifalaridan biri qilib belgilangan.
Shuningdek, davlat organlarining kadrlar boʻyicha xizmatlari tomonidan foydalanilishi va onlayn tarzda izlash amalga oshirilishi mumkin boʻlgan jahon mamlakatlari va mutaxassisliklar boʻyicha kataloglashtirilgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarning elektron reyestri (maʼlumotlar bazasi)ni yaratadi va yuritadi. Bu, albatta, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, tajribali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Taʼkidlash joiz, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi jahon ayvonida sodir boʻlayotgan ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etilishida ham muhim omil boʻladi.
Rivojlangan mamlakatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tanlov oʻtkazish va tayyorgarlikni, shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida istiqbolli mutaxassislar, shu jumladan, pedagoglar va ilmiy kadrlar uchun malaka oshirishni va stajirovkadan oʻtish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyiladi. Albatta, yuqori malakali mutaxassis, olimlarning tajribalar almashinuvi sohaning istiqboliga, vatan ravnaqiga xizmat qiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, ushbu farmonning mazmun-mohiyati Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturiy vazifalari bilan ham mushtarakdir. Partiya saylovoldi platformasida taʼlim jarayoniga zamonaviy istiqbolli ilm-fan yutuqlarini joriy etish, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, ilmiy faoliyatga isteʼdodli, qobiliyatli yoshlarni jalb etish orqali yuqori bilim-malakali jamiyatni shakllantirishga koʻmaklashish vazifalari muhim vazifa qilib belgilangan.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur hujjat xorijda yashayotgan va professional faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va isteʼdodli yoshlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi, jahon mehnat bozoriga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Dilfuza Jalilova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi aʼzosi.

 

O’zA