Talab va taklifga qarab standartlar oʻzgaradi

Milliy matbuot markazida “Oʻzstandart” agentligi tomonidan Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazining ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi oʻrni va ahamiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 apreldagi “Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq agentlik tizimida Mahsulotlarni eksport qilishga koʻmaklashish byurosi tashkil etilgan edi. Davlat rahbarining 2017 yil 28 apreldagi “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasiga oʻtkazish yoʻli bilan qayta tashkil etilgan.
Mazkur qarorda eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga standartlar, sertifikatlashtirish, yorliqlash, qadoqlash va boshqa parametrlar boʻyicha xalqaro mamlakatlararo talablar yuzasidan bepul konsultatsiya xizmatlari koʻrsatish asosiy vazifa etib belgilangan.
“Oʻzstandart” agentligining xalqaro va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 33 mamlakat bilan tuzilgan 47 bitim va kelishuvlariga muvofiq byuro ushbu mamlakatlarga eksport qilinadigan mahsulotlar talablari boʻyicha olingan maʼlumotlarni oʻz faoliyati doirasida qoʻllamoqda.
Oʻtgan 2017 yilning may oyida faoliyatini boshlagan byuro tomonidan 143 korxonaga konsultativ xizmatlar koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yilning ushbu davrigacha 179 korxonaga ana shunday xizmatlar koʻrsatilgan
Viloyatlardagi eksport qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga xalqaro standartlarni jadal joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini taʼminlash va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida viloyatlardagi 105 korxona BMT Yevropa ittifoqi komissiyasining xalqaro standartlari va Xalqaro sogʻliqni saqlash tashkilotining “Kodeks Alimentarius” oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlari boʻyicha qabul qilingan standartlari bilan taʼminlandi.
Yurtimizda Turizm sohasining jadal rivojlanishi jarayonida “Halol” va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun “Global G.A.P” standartlari ham qabul qilindi.
Anjuman davomida bu borada erishilgan natijalar tahlil etildi. Sohadagi kamchiliklar xususida aytildi. Kelgusidagi rejalar belgilandi.

 

B.Meliqulova, OʻzA