Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari Tursunzoda tumanidagi uzumchilikka ixtisoslashgan “Bogʻi Somon” dehqon xoʻjaligiga tashrif buyurdi.
Tojikiston Respublikasida ham uzumchilik rivojiga alohida eʼtibor qaratilgan. Buni mazkur dehqon xoʻjaligi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.
500 gektarli dehqon xoʻjaligini asli oltiariqlik Kamol hoji Madumarov boshqaradi. Xoʻjalikda “Husayni”, “Rizamat”, “Kattakoʻrgʻon”, “Kelin barmoq” kabi hosildor uzum navlari yetishtiriladi. Yetishtirilgan hosilning 70-80 foizi eksport qilinadi. Ayni paytda xoʻjalikning 1200 tonnali sovutkichli omborxonasida hosilni jamgʻarish ishlari avjida.
Prezidentimiz uzumzor bogʻ va mahsulotlar omborini koʻzdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev Kamol ota Madumarovga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan “Captiva” avtomashinasini sovgʻa qildi.
Davlatimiz rahbari shu tumandagi “Vatan” dehqon xoʻjaligida ham boʻlib, uning rahbari Neʼmat hoji Usmonovga yana bir avtomashina tuhfa etdi.