“Taraqqiyot strategiyasi“ markazi Yevropadagi tahlil markazlari bilan hamkorlik oʻrnatadi

Bu kabi masalalar YEXHT Parlament assambleyasi Daniya delegatsiyasining “Taraqqiyot strategiyasi“ markazida oʻtkazgan uchrashuvi doirasida muhokama qilindi.
Muzokaralar Peter Yuel Yensen boshchiligidagi Daniya delegatsiyasi bilan Markaz ijrochi direktori oʻrinbosari Bobur Bekmurodov raisligidagi markaz aʼzolari oʻrtasida boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida mehmonlarga faoliyat maqsadi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligini taʼminlash, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, uni xalq muhokamasiga qoʻyish uchun qulay platforma boʻlgan “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi haqida soʻzlab berildi.
Delegatsiya aʼzolari Markaz tomonidan yurtimizdagi ijobiy oʻzgarishlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va xalqaro tajribani oʻrganish maqsadida milliy, xalqaro tahlil-tadqiqot markazlari bilan qator loyihalarning amalga oshirilayotgani yuqori baholadi.
Respublikamizdagi 50 dan ziyod NNT bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar inson omili, uning farovon hayot kechirishini taʼminlashga qaratilgan. Shu bois rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasini oʻrganish maqsadida Yevropa mamlakatlari ilmiy tadqiqot institutlari, markazlari bilan ham tajriba va fikr almashinuvlarini tashkil qilish maqsadidamiz, dedi Bobur Bekmurodov.
Oʻz navbatida, Peter Yuel Yensen ushbu tashabbusni roʻyobga chiqarishga koʻmak berishga tayyor ekanini bildirdi.
Maʼlumot oʻrnida, “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi shu kunga qadar Xitoy hamda Hindistonning yetakchi tahlil-tadqiqot va “aql markazlari“ bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatgan. “Global Go To Think Tank Index Report”ning 2017 yil yakunlariga koʻra, dunyoda yangi tashkil etilgan “aql markaz”lari 50 talik reytingiga kiritilgan edi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA