Buyuk siymolar boshlagan yoʻl bardavom

Dushanbe shahri markazida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻining umumiy maydoni 2,5 gektarni tashkil etadi.
 
Dushanbe, 27-sentyabr. 
OʻzA maxsus muxbiri Alouddin Gʻafforov xabar qiladi.
Bogʻ toʻriga Nuriddin Abdurahmon Jomiy va Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning muhtasham haykali oʻrnatilgan. Chiroyli, bejirim oʻrindiqlar dam oluvchilar va shahar mehmonlariga qulaylik yaratadi. Eʼtiborlisi, oʻrindiqlar yonida kitobxonlikni targʻib etuvchi haykalchalar oʻrnatilgan. Ota va oʻgʻil, Ona va qiz, Bobo va nabira siymolari ifodalangan bu asarlar kishini kitobga oshno boʻlishga daʼvat etadi.
– Prezident Emomali Rahmon tashabbusi bilan barpo etilgan haykal ikki buyuk siymoga yuksak eʼtibor namunasi, qolaversa, oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstu birodarlikning ramzidir, – deydi haykal muallifi Tojikiston Respublikasi sanʼat arbobi Gʻafurjon Joʻrayev. – Bu monumentda ulugʻ bobolarimiz Jomiy va Navoiy kuylagan qardoshlik va doʻstlikni yanada mustahkamlash gʻoyasi aks ettirilgan. Xalqlarimiz doʻstligi mustahkamlanayotgani ulugʻ siymolar boshlagan yoʻl bardavom ekanidan dalolatdir.

 

OʻzA