Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Ekstremizmga qarshi kurashishning qonunchilik asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa vazirligi masʼullari, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti professor-oʻqituvchilari, harbiylar va kursantlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, qonun ustuvorligini yanada takomillashtirish uchun zarur sharoit yaratayotgani alohida taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli davlat tashkilotlari qatorida fuqarolik jamiyati institutlarining ham ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasidagi profilaktik tadbirlari ahamiyati oshib bormoqda. Ayniqsa, yot gʻoyalar, hozirgi zamon tahdidlariga qarshi samarali kurashishni tashkil etish, yoshlarni din niqobidagi mafkuraviy xatarlardan saqlash va boshqa dolzarb masalalarning huquqiy tartibga solinayotgani, qonunchilik bazasi mustahkamlanayotgani uning nechogʻli dolzarbligini tasdiqlaydi.

Davra suhbatida mutaxassislar davlatimiz tomonidan qabul qilingan ekstremizmga qarshi kurashishga doir qonun hujjatlari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, chora-tadbirlar, ekstremizmga qarshi kurashuvchi subyektlar va ularning asosiy vazifalari, ekstremizm bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlik kabi masalalar yuzasidan maʼlumot berdi. Xavfsizlikka tahdid soluvchi vaziyatlarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan tizimli saʼy-harakatlar doirasida mamlakatimizda ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjatlari sohada koʻzlangan maqsadlarga erishishda muhim omil boʻlayotgani qayd etildi.

Xususan, joriy yilda parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasida “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish chogʻida ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida keng koʻlamli ish bajarilgani bunga yaqqol misoldir. Ushbu qonun asosiy vazifalari ekstremistik harakatlardan shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash, konstitutsiyaviy tuzumni va davlatning hududiy yaxlitligini himoya qilish, fuqarolarning tinchligi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga qaratilgan.

Tadbirda mazkur hujjat aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ekstremistik harakatlarning oʻz vaqtida oldini olish, aniqlash, ularga chek qoʻyish, shuningdek, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlash hamda umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlarni amalga oshirishga koʻmaklashishi xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Qonunning mazmun-mohiyati ishtirokchilarga tushuntirildi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA