Shu kunlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining Daniya delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 26-sentyabr kuni delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Mehmonlarga Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat va hududiy dasturlar mazmun-mohiyati, parlament va uning palatalari faoliyati, siyosiy partiyalar, Oʻzbekiston Ekologik harakati, fraksiyalar va qoʻmitalarning ish uslublari, xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha doʻstlik guruhlari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining faoliyati, norma ijodkorligi sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirildi.

Uchrashuvda tomonlar bugungi kunda terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi kabi global muammolarning oldini olish, ularga qarshi kurashishni muayyan davlat yo xalqaro tashkilotning oʻzi yakka holda uddalay olmasligi, transmilliy jinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish muhim samara berishi mumkinligini qayd etdi.

Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega muhim masalalar boʻyicha pozitsiyasi bilan qiziqdi. Oʻz navbatida, YEXHT tizimidagi hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida ham soʻz yuritildi. Bugunga qadar Oʻzbekiston va YEXHT, xususan uning Parlament assambleyasi oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yaqin istiqboldagi ikki tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha fikr almashildi.

Delegatsiya aʼzolari shu kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida ham boʻldi.

 

Malohat Husanova, OʻzA