Qrimdagi “Oʻzbekiston” sihatgohi tarixi

Qrimda bir bor boʻlgan kishi sayyoramizning bu moʻʼjaz va betakror goʻshasini hech qachon unutolmaydi. Toʻgʻri, bugun ushbu yarim orol turli siyosiy mojarolar girdobida qolgan, lekin hikoyamiz bu haqda emas. 
 
2.JPG
Bundan bir necha yil avval Qrimda oʻtgan baxtli kunlarim yodimga tushdi. Chunki, u yerdagi koʻp narsa Oʻzbekistonni eslatadi: qiygʻos maysalar iforiga toʻyingan toza havo misoli oʻzimizning Oqtosh havosiga oʻxshaydi. Chinorlari ham yurtimizdagi kabi qalin.
3.JPG
Buning ustiga kech kirgach, yopiladigan namozshomgul va serifor rayhonlar ham moʻl. Bu yerda yurtimiz bilan bogʻliq maskanlar juda koʻp.
4.jpg
Ularning eng asosiysi, Yaltada joylashgan “Oʻzbekiston” sihatgohidagi Buxoro amiri Said Abdul Ahadxonning saroyi boʻlsa kerak. U bir safar Qrimga borib, bu yurtni yoqtirib qoladi va shu yerda oʻzi uchun saroy qurdirishga qaror qiladi. Yaltadagi bogʻ va muhtasham bino barpo etilgan yerni sotib olishga muvaffaq boʻladi.
5.png
Yalta shahri meʼmori Tarasov loyihasi boʻyicha barpo etilgan gumbazli, minorali va shiyponli moʻʼjaz, biroq nafis saroy shahardagi eng goʻzal maskanlardan biriga aylanadi. Amirning oʻzi esa unga “Dilkusho”, yaʼni “maftunkor” deb nom beradi.
Said Abdul Ahadxon 1885 yil 26 yoshida taxtga oʻtiradi. U qiynoqqa solish va qullikni bekor qilgan, koʻplab shafqatsiz jazo usullarini yumshatgan va oʻlimga mahkum qilinganlar sonini qisqartirgan hukmdordir.
Aynan uning hukmdorligi davrida Buxoro yanada obod shaharga aylandi: rus sanoatchilari bu yerdagi mis, temir, oltin bilan qiziqa boshladi. Amir banklarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi, temir yoʻl va telegraf qurdiradi.
U mamlakatdagi eng yaxshi chavandoz ham hisoblangan, uloq-koʻpkari bahslarida qatnashgan. Oʻzidan oldin oʻtgan koʻplab amirlardan farqli oʻlaroq, tez-tez Moskva, Peterburg, Tiflis, Kiyev, Odessa kabi shaharlarga tashrif buyurib turgan. Keyinchalik Qrimga boradi va 1893 yildan boshlab har yozni Yaltada oʻtkazadi.
Yaltada amir koʻp yillar mobaynida qilgan saxovat borasidagi ishlari tufayli oʻziga xos saxiylik ramziga aylangan. Shahar oldidagi xizmatlari uchun faxriy fuqaro unvoniga sazovor boʻlgan va hatto shahar koʻchalaridan biriga uning nomi berilgan.
1910 yilda u oʻz mablagʻi hisobidan Yalta shahrida bemorlar uchun bepul shifoxona qurdiradi. Ikki qavatli bino laboratoriya, xodimlar xonasi, jarrohlik va ginekologiya boʻlimlari, 100 kishilik qabulxonadan iborat boʻlgan.
Nafaqat Qrim, balki Rossiyaning boshqa shaharlari ham Buxoro amiridan minnatdor. Masalan, Peterburgda u Jomye masjidi barpo qildirgan.
Sovet hokimiyati oʻrnatilganidan soʻng, bino milliylashtirilgan.
Qrim Markaziy Ijro qoʻmitasi Prezidiumining 1923 yil 23 maydagi qaroriga koʻra, saroy doimiy foydalanish uchun Oʻzbekistonlik mehnatkashlarga beriladi va “Oʻzbekiston” sihatgohi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Oʻtgan yillar mobaynida bu yerda yuz minglab yurtdoshlarimiz xordiq chiqarib, oʻz salomatligini mustahkamladi.
Buxoroning eng taraqqiyparvar amiri Said Abdul Ahadxonning Qrimga muhabbati tarixi ana shunday edi.
Rustam Shagayev, muallif olgan suratlar.

 

O’zA