Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi qizgʻin muhokamada

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasining tasdiqlanishi va mazmun-mohiyatini tuman faollariga yetkazish maqsadida Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari akademik litseyida tadbir tashkil qilindi.
Unda ishtirok etgan tuman saylov uchastkalari raislari va faollar oʻtkazilgan saylovlar davrida yuzaga kelgan muammolar va keyingi saylov jarayonlarida bunday xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik choralari xususida soʻz yuritishdi. Xususan, Saylov kodeksi loyihasi bilan ham yaqindan tanishdilar.
Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmon ilovasining 7-bandida milliy saylov tizimini isloh qilish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu farmon ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqishda yetuk huquqshunos olimlar va mutaxassislar jalb etilishi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi shakllangan tajribaga muvofiq 2 qism, 100 moddadan iborat.
Umumiy qism saylov tizimining asoslari va prinsiplari, subyektlari hamda saylov huquqi kafolatlariga bagʻishlangan. Maxsus qism Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlarini saylash tartibini shakllantirish xususiyatlariga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasida saylovga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda asosiy subyekt – saylov komissiyalari hisoblanadi. Shu sabab, komissiyalarga qonuniy, adolatli demokratik saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish, saylovchilarning xohish irodasini erkin bildirishlariga yetarli imkoniyatlar yaratish vazifalari kiritilmoqda.
Saylov kodeksi loyihasida saylov komissiyalarining samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur tashkiliy-huquqiy asoslar mustahkamlanadi.
Bundan tashqari, Saylov kodeksi loyihasida uchastka saylov komissiyalari faoliyatini ochiqligi, ovoz berish jarayonini tashkil etishda va oʻtkazishda yangi qoidalar kiritilmoqda.
Avval saylov uchastkalarni jihozlash, ovoz berish jarayoni va uchastka saylov komissiyalarini amalga oshirishlari lozim boʻlgan vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yoʻriqnomasiga asosan amalga oshirilgan boʻlsa, endilikda qonun normalariga asosan amalga oshirishlari belgilab beriladi.
Oʻtkazilayotgan tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad ushbu qabul qilinayotgan Saylov kodeksi loyihasini tasdiqlashda, ularning taklif va fikrlari alohida eʼtiborga olinishi va bevosita oldingi saylovlarda yoʻl qoʻyilgan muammo va kamchiliklarimizni toʻliq bartaraf etishga xizmat qiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA