III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida Muhammadrasul Rahimov Oʻzbekiston bayroqdori boʻladi!

Xabaringiz bor, 6-18-oktabr kunlari Argentinaning Buenos-Ayres shahrida III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Ushbu nufuzli musobaqada Oʻzbekiston sport delegatsiyasi sharafini 16 sport turida 37 nafar sportchi himoya qiladi.
Anʼanaga koʻra, Milliy olimpiya qoʻmitasi ushbu nufuzli musobaqada Oʻzbekiston bayroqdori boʻladigan sportchi nomini maʼlum qiladi. Unga koʻra, erkin kurashchimiz Muhammadrasul Rahimov musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston bayroqdori vazifasini bajaradi. Bu haqida MOQ xabar bermoqda.
Maʼlumot uchun, Muhammadrasul bungacha quyidagi natijalarni qayd etgan:
2017-yil: Oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati kumush medal (Tailand)
2018-yil: Oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati kumush medal (Oʻzbekiston)
2018-yil: Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati bronza medal (Hindiston)
Taʼkidlash lozimki, Olimpiya oʻyinlarida oʻz vatani bayroqori boʻlish nafaqat sharaf, balki katta masʼuliyat hamdir.
Milliy olimpiya qoʻmitasi ushbu nufuzli musobaqada sportchilarimizga omad va yuksak gʻalabalarni tilaydi.

 

O’zA