Mamlakatimiz sportida dopingga qarshi kurash yanada kuchaytiriladi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi tomonidan sportda dopingga qarshi kurashni yanada kuchaytirish, murabbiylar va sportchilarning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini oshirishga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.
Sport federatsiyalari vakillari, murabbiylar, shifokorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiyaga keng jalb etish, mahoratli sportchilar safini kengaytirish va xalqaro miqyosda yuqori natijalarni qayd etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori samara berayotgani taʼkidlandi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan bugungi kunda Milliy antidoping agentligi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha maʼlumot berildi.
– Bugungi kunda inson sogʻligʻi uchun doping qabul qilishning salbiy oqibatlari xususida jamoatchilikni xabardor etish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov. – Shu maqsadda barcha sport federatsiyalari bilan oʻzaro hamkorlik mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda Butunjahon antidoping agentligining dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Seminarda sport mutaxassislari bilan kelgusida sohada amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarni kelishib oldik.
Tadbirda tashkilotchilar tomonidan antidoping dasturlari bilan ishlash, bu masalaga har bir sport federatsiyalaridan masʼul xodimlarni jalb qilish boʻyicha zarur vazifalar belgilandi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA