Prezidentimiz gʻoyasi va tashabbusi bilan amalga joriy etilayotgan bunday tizim boshqa mamlakatlarda hali mavjud emas.Sud majlislarining onlayn translyatsiyasi bu – real vaqt rejimida Oliy sudning veb-sayti orqali sud majlislarini bevosita toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish imkoniyatidir. Mazkur tizim sud majlislarining haqiqiy ochiqligini taʼminlash bilan birga fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasiga xizmat qiladi.Sud majlislarining onlayn translyatsiyasi, albatta, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini taʼminlagan holda va sud ishtirokchilarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Hozirda tizim sinov tariqasida Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridagi 12 sudga oʻrnatilgan va ishga tushirilgan. Joriy yilning oxiriga qadar yana 22 sud, 2019 yilda esa 100 dan ortiq sudlarda onlayn translyatsiya tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida yangilangan veb-sayt taqdimotiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda shu kabi yangiliklar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbirda Oliy sud raisi K.Komilov fuqarolarning huquqlarini kafolatli himoya qilish orqali ularning sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlash yoʻlida muhim qadamlar tashlanayotganini taʼkidladi.
Prezidentning 2017 yil 30 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2020 yillarda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Dasturining amaliy ijrosi izchillik bilan taʼminlanmoqda.
Dastur asosida sudlar faoliyatiga joriy etilgan sud faoliyati samaradorligini oshiradigan, sud jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlaydigan, sud ishtirokchilari uchun qator qulaylik va imkoniyatlar yaratgan interaktiv xizmatlar yaratilmoqda.
www.sud.uz, www.oliysud.uz va www.supcourt.uz saytlar zamonaviy texnologiyalarning soʻngi yutuq va imkoniyatlaridan keng foydalanilgan holda ishlab chiqildi. Foydalanuvchilar sayt orqali jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha, maʼmuriy va iqtisodiy sudlar haqida maʼlumotlarni oson topishi mumkin. Barcha maʼlumotlar oʻzbek va rus tillarida beriladi.
Saytdan sud tizimi, hal etiladigan nizolar, sudlar faoliyatiga doir statistik maʼlumotlar, sudlarga murojaat qilish tartibi, murojaat qilinganda undiriladigan davlat boji stavkalari va rekvizitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham oʻrin olgan.
Tadbir davomida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning interaktiv xizmatlari taqdimotiga ham oʻrin berildi. Maʼlumki, E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi fuqarolarga bir qator qulayliklar yaratish bilan birga soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Endilikda ushbu tizim orqali fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga elektron murojaat qilish bilan birga, sud majlislarining jadvali, sud majlisining kuni va vaqti haqida elektron xabardor boʻlish, barcha sud qarorlari bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Saytdan oʻrin olgan “Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaat qilish namunalari” dunyoning hech bir sud tizimida mavjud emas. Ayni paytda saytga fuqarolik ishlari boʻyicha daʼvo arizalari, iltimosnoma va arizalar, shuningdek, shikoyatlarning oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida jami 500 ga yaqin namunalari joylashtirilgan. Bu fuqarolarning sudlarga murojaat qilishida qulaylik yaratishi shubhasizdir.
Tadbirda iqtisodiy sudlar faoliyatiga joriy etilgan yangi interaktiv xizmatlar taqdimoti ham oʻtkazildi. Endilikda iqtisodiy sudlarga elektron murojaatlar yuborish, sud hujjatlarini elektron olish bilan birga mamlakatda faoliyat koʻrsatayotgan barcha iqtisodiy sudlarning sud majlislari jadvali bilan tanishish, davlat bojlari miqdorini elektron hisoblash, sudlarga murojaat qilishda oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi daʼvo arizalarning namunalaridan foydalanish mumkin.
Markazlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazasi yaratildi. Tizim orqali ijro varaqalari elektron shaklda yuboriladi va sud ishlari sudyalar oʻrtasida avtomatik tarzda taqsimlanadi.
Tadbirda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, AQSH, Hindiston, Pokiston davlatlarining elchilari, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston davlatlarining elchixonalari vakillari, vazirlik va idoralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari yangilangan veb-sayt va undagi yangi imkoniyatlarga yuqori baho berdi.