Toshkentda Oʻzbekiston - Rossiya media forumi va xalqaro televizion festival oʻtkaziladi

2018-yilning 4-6-oktabr kunlari poytaxtimizda Oʻzbekiston – Rossiya media forumi hamda “TEFI-Hamdoʻstlik” VIII xalqaro televizion festivali boʻlib oʻtadi. 
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Rossiya televideniyesi akademiyasi fondi va Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan Oʻzbekiston – Rossiya media forumida ikki mamlakatning yetakchi davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarining koʻzga koʻringan ijodkorlari hamda jurnalistlarni hamda axborot texnologiyalari xodimlarini tayyorlashga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va mamlakatimizning sohada tahsil oluvchi talabalari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu yirik tadbirga MDH davlatlari, Boltiqboʻyi oʻlkalari va Gruziyadan ham mutaxassislar taklif etilgan.
Forumning OAV sohasida hamkorlik qismi Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va uning turizm salohiyatidan Rossiya jamoatchiligi xabardorligini kengaytirish, mamlakatimiz televideniye va radioeshittirish sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish, shuningdek, turli janrdagi teleradio loyihalarni, xususan, axborot-tahliliy dasturlarni tayyorlash borasida yetakchi rus teleradiokompaniyalari tajribasini oʻrganish kabi masalalarni qamrab olgan. Bu jarayonda mamlakatimiz va rossiyalik televideniye va radio ijodkorlari bir-birlari bilan oʻzaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega boʻladi.
Axborot agentliklari oʻrtasidagi hamkorlik qismida, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi axborot agentliklarining tezkor xabarlar almashinuvi borasida hamkorlik qilish, internet axborot resurslarini yanada rivojlantirish, ijtimoiy tarmoqlarning jamiyat hayotiga taʼsirini oʻrganish tendensiyalari muhokama qilinadi.
Forumning axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qismida esa, AKT texnologiyalari parklarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida kadrlar malakasini oshirish hamda milliy internet resurslarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari qamrab olinadi.
Shuningdek, forumga Rossiya media olamida muvaffaqiyat qozongan teleloyihalar ijodkorlari jalb qilinadi.
Bugungi zamonaviy televideniye qiyofasini toʻla namoyon etuvchi “TEFI-Hamdoʻstlik” VIII xalqaro televizion festivalida shiddat bilan rivojlanayotgan Rossiya va Oʻzbekiston telekanallari vakillari oʻzaro tajriba almashishi, kelgusidagi hamkorlik uchun rejalar tuzishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bugungi mediabozor muammolari, mediakontentni rivojlantirish, zamonaviy mediatexnologiyalar mavzusida turli seminar, ijodiy uchrashuv, mahorat-darslari tashkil etiladi. Festivalda MDH mamlakatlari, xususan Rossiya televideniyesining mashhur teleboshlovchilari, taniqli jurnalistlari va prodyuserlari ishtirok etishi kutilmoqda.

 

OʻzA