Binali Yildirim: “Bu zamin oʻzbek xalqi va bizning ota yurtimizdir”

Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirim bilan eksklyuziv intervyu.

Hurmatli Rais janoblari, avvalo, Sizni Oʻzbekistonda koʻrib turganimizdan behad mamnun ekanligimizni bildirmoqchimiz. Yurtimizga xush kelibsiz.

— Xush koʻrdik.

Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatni rivojlantirish boʻyicha juda katta islohotlar olib borilyapti. Yetuk siyosatchi, davlat arbobi sifatida ushbu saʼy-harakatlarni qanday baholaysiz?

— Darhaqiqat, Oʻzbekiston rahbari hurmatli Shavkat Mirziyoyev juda muhim islohotlar dasturini amalga oshirmoqda. Biz buni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz va yuqori baholaymiz.

Mamlakatingiz yetakchisi Prezident sifatida faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardanoq, Oʻzbekistonning dunyoga ochilishini taʼminlash, iqtisodiyotni, aholi farovonligini yuksaltirish yoʻlida jiddiy qarorlar qabul qildi. Ana shunday saʼy-harakatlarning samarasi sifatida, jumladan, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi aloqalar ham kuchaydi va mustahkamlanib bormoqda. Bunda Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiya Respublikasiga, shu yilning 29-aprel — 1-may kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning Oʻzbekistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashriflari katta turtki boʻldi. Ular doirasida kechgan uchrashuv va muzokaralar, erishilgan aniq kelishuvlar, imzolangan muhim shartnoma hamda bitimlar hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Davlatlarimiz iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, taʼlim, turizm va boshqa sohalarni birgalikda rivojlantirish boʻyicha faol ish olib borayotir.

Bizning Oʻzbekistonga ushbu tashrifimiz ham oʻzaro munosabatlarimizga, shubhasiz, yangi sahifa boʻlib qoʻshiladi. Tashrifimiz doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senatida uchrashuvlar oʻtkazdik. Shuningdek, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning yirik loyihalaridan biri — tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan zamonaviy reanimobillar hamda Davlat xizmatlari agentligi uchun moʻljallangan mobil avtobuslarni tantanali topshirish marosimida ishtirok etdik.

Mamlakat rahbari, hukumat aʼzolari bilan muloqotlar qildik.

Safarimiz davomida Samarqand hamda Buxoro shaharlarini ziyorat qilishni ham rejalashtirganmiz.

— Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining “Turkiya — Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi tuzilgan. Ularning birinchi qoʻshma majlisida amaliy tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) imzolangandi. Rejada koʻzda tutilgan chora-tadbirlar qanday olib borilmoqda?

— Yuqorida aytib oʻtganimdek, davlatlarimiz oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir qancha hujjatlar imzolangan. Parlament, xususan, Turkiya Buyuk millat majlisi vakillari sifatida bizning muhim vazifalarimizdan biri ana shu shartnomalarning amaliy ifodasini taʼminlash yoʻlida faol ish olib borishdir.

“Yoʻl xaritasi” doirasida parlamentlarimiz oʻrtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib boryapti. Oʻtgan qisqa davr mobaynida ikki davlat oliy vakillik organlari delegatsiyalari bir necha martadan oʻzaro tashriflarni amalga oshirdilar. Bizning Oʻzbekistonga kelishimiz ham “Yoʻl xaritasi”dan oʻrin olgan muhim tadbirlardan biri hisoblanadi.

Asosiy maqsadimiz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati bilan Turkiya Buyuk millat majlisi oʻrtasida oʻzaro muloqotni yanada jonlantirish, qonunchilik sohasida bilim va tajriba almashinuvini kuchaytirishdir. Bunda, albatta, Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisidagi “Turkiya — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlari muhim oʻrin tutadi.

Mazkur saʼy-harakatlarning barchasi pirovardida Oʻzbekiston va -Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Oʻrni kelganda bir narsani aytib oʻtishni istardim. Kelgusi oyda, aniqrogʻi, 8 — 11-oktyabr kunlari Turkiyada Yevrosiyo parlamentlari rahbarlarining majlisi boʻlib oʻtadi. Unda 35 parlament rahbari, elchilar, nufuzli mehmonlar qatnashishi kutilyapti. Xususan, Oʻzbekiston parlamenti vakillari ham ishtirok etadi. U yirik anjuman boʻlib, mintaqaviy va millatlararo masalalar muhokama qilinadi. Ana shu majlisda Oʻzbekistonning qatnashishini biz juda muhim, deb hisoblaymiz.

— Oʻzbekiston hamda Turkiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida nimalar deya olasiz?

— Davlatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ayni paytda 2 milliard dollarga ham yetmaydi. Agar bugungi kunda Turkiyada 81 million, Oʻzbekistonda qariyb 33 million, qoʻshib hisoblaganda 114 million aholi istiqomat qilishini inobatga olsak, bunday katta nufus, salohiyat uchun hozirgi natija, albatta, juda kam.

Toʻgʻri, koʻrsatkichlarimiz oʻtgan yildan eʼtiboran orta boshladi. Masalan, 2017-yilda oʻzaro savdo 20 foiz oʻsgan boʻlsa, bu yil 30 foizga koʻpayishi kutilyapti. Biz koʻzlagan marralar esa ancha yuksak. Jumladan, yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard, oʻrta va uzoq istiqbolda 5 milliard, hatto 10 milliard dollargacha yetkazish niyatidamiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli. Chunki Turkiyada ham, Oʻzbekistonda ham kuchli rivojlangan tarmoqlar, yoʻnalishlar mavjud. Muhimi — ana shu imkoniyatlarni birlashtira bilish. Shunda yuqori natijalarni ham qoʻlga kiritamiz, davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini ham mustahkamlagan boʻlamiz.

— Oʻzbekiston xalqiga tilaklaringiz.

— Bu zamin oʻzbek xalqi va bizning ota yurtimizdir. Dunyo ilm-fani, madaniyati, muqaddas dinimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan buyuk allomalarni yetishtirib bergan davlat hisoblanadi. Turkiyada har bir musulmon hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyni, Imom Moturidiyni, buyuk olim Ali Qushchini, ulugʻ shoir Alisher Navoiyni, mutafakkir Yusuf Xos Hojibni, tib ilmining sultoni Ibn Sinoni yaxshi biladi. Ular biz uchun ham qadrlidir. Qardoshligimiz, doʻstligimiz ayni jihatlar bilan ham bogʻliq. Shu bois ajdodlar merosini chuqur oʻrganish, barchaga tanishtirish, targʻib qilish, shu orqali madaniyat turizmini ravnaq toptirish uchun birgalikda koʻp ishlar qilishimiz lozim. Bunda -xalqlarimiz oʻrtasida bordi-keldilar kuchayishi, ikki tomonlama investitsiyalar kiritish yanada ortishi zarur. Biz bunga tayyormiz. Garchi geografik jihatdan boshqa-boshqa yerlarda joylashgan boʻlsak-da, koʻngillarimiz bir, baxtu quvonchimiz bir.

Soʻzimning soʻngida Turkiya xalqining Oʻzbekiston xalqiga salomi va ezgu niyatlarini yetkazishdan mamnun ekanligimni bildirib, yashasin oʻzbek — turk doʻstligi, deb qolaman.

— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!

 
1a96f84d2a5a67d16986c4e7efbb156f0925.jpg
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi