Milliy toʻlov tizimida monopoliyaga chek qoʻyiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19 sentyabrdagi “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida chakana toʻlovlarni qayta ishlash boʻyicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy toʻlov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirib, toʻlov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayotgani, bir monopol tizimning mutlaq ustun boʻlishiga olib kelayotgani qayd etildi. 
Mazkur qaror tizimdagi monopol nazoratning tartibga solinishiga xizmat qiladi.
Toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklamoqda va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
2019 yil 1 iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Milliy banklararo protsessing markazi, banklararo toʻlov tizimi va kliring markazining faoliyat yuritishi uchun maʼlumotlarni qayta ishlovchi toʻlaqonli markaz tashkil etiladi.
2020 yil 1 yanvargacha mahalliy va xalqaro bank kartalari boʻyicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar oʻrtasida axborot va texnologik aloqa oʻrnatishga koʻmaklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazi ishga tushiriladi.
2020 yil 1 iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro toʻlov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashi, bank toʻlov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi koʻp funksiyali terminallar tarmogʻi kengaytiriladi.

 

OʻzA