Faxriylar Kislovodskka kuzatildi

Prezidentimizning joriy yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, namanganlik besh nafar urush qatnashchisi kuzatuvchilar hamrohligida Rossiya Federatsiyasi Kislovodsk shahridagi “Oʻzbekiston” sanatoriysiga joʻnab ketdi.
Namangan tumani Xonobod qishlogʻida yashovchi 94 yoshli Abdusalom ota Rahmonov ushbu ehtiromga sazovor boʻlgan nuroniylardan.
– Davlatimiz rahbari tomonidan biz, faxriylarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan minnatdormiz, – deydi Abdusalom ota. – Oʻzimiz jang qilgan mamlakatlarga safar qilishimiz, sanatoriylarda dam olib, salomatligimizni mustahkamlashimiz uchun barcha sharoit yaratib berildi. Bugun Kislovodskdagi sanatoriyga ketyapmiz. U yerda hordiq olish bilan birga, quroldosh doʻstlarimiz bilan diydorlashamiz. Bundan behad xursandmiz.

 

Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA