Qoraqalpogʻistonda hududiy guruh ish boshladi

Qoraqalpogʻistonda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruh ish boshladi.
Prezidentimizning joriy yil 11 sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruh ish boshladi.
Hududiy guruh aʼzolarining taʼkidlashicha, har kuni 15-20 tadbirkorlik subyektidan murojaat kelib tushmoqda. Ularning tashabbuslari, shuningdek, faoliyatidagi har qanday muammo va kamchiliklar oʻrganilib, yechimi nazoratga olinmoqda.
Masalan, Qoʻngʻirot tumanidagi “Qoʻngʻirot” kichik sanoat zonasida joylashgan “KUNGRAD LEGO” MCHJning 585 million soʻm miqdorida kredit olishda yordam berishni soʻrab qilgan murojaati, “Samandar Qoʻngʻirot” MCHJ tomonidan 2010 yilda sotib olingan korxonaga nisbatan huquqiy egalik qilish boʻyicha murojaati oʻrganilib, hal etish choralari koʻrildi.
Ellikqalʼa tumanidagi “Ideal sanoat savdo” MCHJning “UzKorGaz” tashkilotidan polietilen granulasi chiqindisini sotib olishga amaliy yordam berish boʻyicha, tadbirkor E.Sharipovaning Nukus shahar Ye.Alakoʻ koʻchasidagi gipermarket yonida avtoturargoh qurish boʻyicha murojaatlari ham koʻrib chiqilib, ijobiy hal etildi.
– Biz 2016 yilda dorixona uchun bino qurishga yer maydoni ajratishini soʻrab Nukus shahri hokimligiga murojaat qilgan edik va bu boʻyicha hokimlik qarori ham chiqqan, lekin shu paytgacha qurilishga ruxsat berilmay kelayotgan edi, – deydi “Shahzod Farm” MCHJ xodimi G.Yoʻldoshev. – Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruhning aralashuvi bilan ushbu muammo bartaraf etildi va bizga qurilish uchun ruxsat berildi.
Hududiy guruh tomonidan davlatimiz rahbarining joriy yil 2 fevraldagi “2018-2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan taʼminlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tuman va shaharlar bosh rejasi, jumladan, Nukus shahrining bosh rejasiga kiritilishi kutilayotgan oʻzgarishlar muhokama qilindi, Moʻynoq tumanini iqtisodiy rivojlantirish dasturi oʻrganildi.
Hududiy guruh hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan Nukusda joriy yil 22 sentyabr kuni biznes-forum oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, ushbu tadbirni oʻtkazishdan maqsad, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek, boʻsh turgan obyektlar, yer uchastkalari va boshqa infratuzilmalardan samarali va oqilona foydalanishdir.
Biznes-forumda asosiy eʼtibor xorijiy investorlarni jalb etishga qaratiladi. Barcha shahar va tumanlar oʻzlarining investitsiyaviy salohiyatini namoyish qiladi. Tadbirga qator xorijiy davlatlardan investorlar kelishi kutilmoqda. Shuningdek, biznes-forum doirasida aholi bandligini taʼminlash maqsadida mehnat yarmarkasi ham tashkil etiladi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA