Avval xabar berilganidek, “Mustahkam oila” dasturi doirasida oʻtkazilayotgan seminarda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakili Ashita Mittal bu borada yurtimizda amalga oshiriladigan ishlar xususida toʻxtaldi:
– “Mustahkam oila” dasturi AQSH va Buyuk Britaniyada ilk bor amaliyotga tatbiq etilgan. Soʻng boshqa koʻplab rivojlangan mamlakatlarda bu loyiha qoʻllanilgan. Buni ishlab chiqish jarayonida har bir davlat oʻz milliy anʼanalari va mentalitetiga xos boʻlgan jihatlarga eʼtibor qaratadi. Oʻzbekiston ham oʻz pozitsiyasi va avlodlar munosabatidan kelib chiqib loyihani hayotga tatbiq etmoqda. Yetti qismdan iborat dasturdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlar orasida giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki va alkogol mahsulotlari isteʼmol qilinishining oldini olish, ota-ona va farzand oʻrtasidagi munosabatlar mustahkamligiga erishishdan iborat. Biz Oʻzbekistonda trenerlar jamoasini tayyorlaymiz. Ular kelgusida tayanch maktab sifatida tashkil etiladigan maktablarda faoliyat yuritadi. Turli video materiallar, oʻyinlar orqali yosh avlod va ota-onalarning munosabatlarida muvozanatga erishish asosiy maqsaddir. Unda psixologlar, pedagoglar, mahalla faollari, taʼlim-tarbiyaga oid mutaxassislar ishtirok etadi. Ayni vaqtda Toshkent shahridagi 19 umumtaʼlim maktabida amaliyotga tatbiq etilgan dastur doirasida joriy yil oxirigacha namunaviy “Happy schools” (“Baxtli maktablar”) tashkil etiladi. Bugungi globallashuv davri ehtiyotkorlikni talab etmoqda. Mazkur maktablar zoʻravonlik, jinoyatchilik, zararli odatlardan xoli mustahkam oila va maktab hamkorligiga asoslangan xavfsiz maktablar boʻladi.
B.Meliqulova, F.Abdurasulov, OʻzA