FUTBOL: Bugun Oʻzbekiston Kubogining chorak final oʻyinlari oʻtkaziladi

Mamlakat milliy chempionati Superligasining kuchli oltiligida qanday shiddatli oʻyinlar start olgan boʻlsa, Oʻzbekiston Kubogida ham aynan shunday palla hukm suryapti. Superliga singari Kubok oʻyinlari ham bu yil yangicha koʻrinishda oʻtkazilayotganidan xabaringiz bor. Avvallari kuchli toʻrt jamoa chorak finaldan qoʻshilar, oʻyinlar uy va safar tizimida olib borilardi. Endi esa jamoaning saviyasidan qatʼiy nazar barchasi qurʼaga koʻra bitta oʻyindan iborat “janglar”da ishtirok etishyapti. Agar qurʼaning “koʻzi koʻr” boʻlmaganda “Paxtakor” va “Lokomotiv”ni chorak finaldayoq bir-biriga roʻbaroʻ qilib qoʻyarmidi. Vaholanki, bu ikki jamoa finalning bezagini qilib berishlari koʻproq qiziq edi. Endichi, chempionatda bosh sovringa asosiy daʼvogarlar Kubokning hal qiluvchi oʻyinidan ancha barvaqtroq pallada maydonga tushmoqda. Chempionatda oltin medalning qadri borgan sari ortib borayotgan, uning kimga nasib etishi koʻproq soʻroq ostida qolayotgan bir paytda jamoalar har ehtimolga qarshi maʼnosida Kubokni qoʻlga kiritishni birinchi galdagi vazifa sifatida belgilayotgan boʻlsa ne ajab.
Shunday ekan, bugun chorak finalda oʻzaro kuch sinashadigan “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalarining bahsi mavsumning markaziy oʻyinlaridan biri boʻlishi ehtimoldan yiriq emas. Uchrashuv odatdagidek muxlislarbop vaqtda – 20:00da boshlanadi. Bugun shuningdek, “Qoʻqon-1912” va “Qizilqum” jamoalari ham oʻzaro kuch sinashadi. Mazkur oʻyin Toshkentdan ikki soat oldin start oladi. Qolgan ikkita uchrashuv ertaga oʻtkaziladi: “Andijon” – “Bunyodkor” , AGMK – “Mashʼal”.
Eʼtiboringizga mazkur uchrashuvlarni boshqaruvchi masʼullar tarkibini havola qilamiz:
Oʻzbekiston Kubogi. 1/4 final. 18 sentyabr
“QOʻQON-1912” – “QIZILQUM” 18:00
Hakamlar: Olim Tolibjonov, Sherzod Qamarov, Sardor Hakimov, Temur Toʻxtasinov.
Nazoratchi – Igor Nexochin.
Komissar – Bahodir Mirzayev.
“PAXTAKOR” – “LOKOMOTIV” 20:00
Hakamlar: Viktor Seraziddinov, Andrey Sapenko, Sanjar Shoyusupov, Vadim Agishev.
Nazoratchi – Artyom Arutyunov.
Komissar – Baxtiyor Namozov.
19 sentyabr
“ANDIJON” – “BUNYODKOR” 18:00 
Hakamlar: Shavkat Nasibullayev, Rasul Fozilov, Maksim Nexochin, Gʻayrat Joʻrayev.
Nazoratchi – Sulton Zaylobiddinov.
Komissar – Maʼmur Saidqosimov.
AGMK – “MASHʼAL” 20:00
Hakamlar: Asker Najafaliyev, Baxtiyorxoʻja Shavkatov, Avazbek Abdullayev, Sultonmurod Abdurahmonov.
Nazoratchi – Sayfiddin Ermatov.
Komissar – Laziz Qoʻchqorov.
Yarim final uchrashuvlari 27-28 sentyabr sanalariga belgilangan. Oʻzbekiston Kubogi-2018 final oʻyini esa 28 oktyabr, yakshanba kuni Fargʻona shahridagi “Istiqlol” stadionida tashkil etilishidan esa xabaringiz bor.

 

Oybek Yunusov, OʻzA