Omon MATJON, Oʻzbekiston xalq shoiri

.
Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan.
Shoirning “Ochiq derazalar” (1970) “Karvon qoʻngirogʻi” (1973), “Yonayotgan daraxt” (1977) “Yarador chaqmoq” (1979), “Haqqush qichqirigʻi” (1979) “Seni yaxshi koʻraman” 1983), “Gaplashadigan vaqtlar” (1986) va boshqa toʻplamlarinashr etilgan.
Omon Matjon F.Shiller, Sh.Bodder kabi jahon klassiklariningsheʼrlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan oʻgirgan.
OSMON SOGʻINCH KABI POYONSIZ, YASHIL…
***
Boshqalardek sevishdik biz ham,
Kuyib yurdik boshqalar kabi.
Bu savdoni baxt bildik biz ham,
Baxtdir, dedik visol, yor labi.
Boshqalardek duch kelib qolsak,
Olislardik ming bor qayrilib.
Mana, biz ham bebaxt, beqarsak
Boshqalardek ketdik ayrilib.
Ishqning qoldi faqat ozori,
Qalam, qogʻoz — meros bir yalov.
Qalbimdadir ishqning mozori,
Yonib qoldi unda bir olov.
Ishqdan faqat shu qoldi menga,
Olov yonar, senchi, yoʻqsan, yor.
Kelolmaysan oʻz maqbarangga,
Unga gullar qoʻyar boshqalar.
* * *
Kimnidir axtardim, axtardim uzoq,
Koʻzimni panalab baʼzan quyoshdan.
Gʻildirak izidan uzun tunlarda
Nomin ha-huladim uning togʻ-toshdan.
Va nihoyat bugun, istiqbol kuni
Qoʻrib qoldim uni olamdek ravshan:
— Mening qalbim edi u,
dunyo tanib –
Sheʼriyat eshigin qoqardi oʻychan.
* * *
Belanchakda yotar koinot,
Chayqalmasa tinmasmi yigʻi?!
Bizni chayqab turgan bu hayot
Kimlarningdir soʻnggi qoʻshigʻi.
Samovot — bir juldur dasturxon,
Somon yoʻli unda qand yuqi.
Tunga vaʼda etar oltin non
Yulduzlarning soʻnggi qoʻshigʻi.
Osmon ingrab chiqar goh tunda,
Qora toʻlar bogʻlar boʻshligʻi.
Bahor vaʼda etadi unga
Boʻronlarning soʻnggi qoʻshigʻi.
Men na kun, na tunman samoda,
Bir oshiqman yerda bor-yoʻgʻi.
Menga nelar etasan vaʼda,
Ey sevgining soʻnggi qoʻshigʻi?
* * *
O, tun — soʻlim dengiz… Mayoqchi kabi
Suluv hamrohim-la shaylayman qayiq.
Ufq — oʻtgan kunning qizgʻish koʻlmagi,
Yoʻldoshim roʻmolin chayar choʻnqayib.
Tun dengizmas, goʻyo olis xotira,
Yulduzot qaysidir unut boʻlgan joy…
Hammasin yutmoqchi kabi bir sira,
Ortda oq choʻrtandek kelar yarim oy.
Koʻzlarim charchaydi… va peshanamga
Bosilar ufqqa chayilgan qiyiq.
“Qara, — der hamrohim, — keldik naq tongda!”
… va asta quyoshga taqalar qayiq.
YONAYOTGAN DARAXT
Tunda yashin tushdi bogʻning chetiga,
Zulmat boyoʻgʻlidek chekindi karaxt.
Vulqondek portladi qorongʻulikda
Yonayotgan daraxt!
Salobatli yashil saltanat edi,
Erkin qushchalarga zangor poyitaxt.
Uchqunlardek toʻzitdi kushlarini
Yonayotgan daraxt!
Nega, nega yondi?! Kechqurun bexos
Bulutlar guldirab qilgandilar jahd,—
Uygʻoq edi, oʻzi ilk zarbni oldi
Yonayotgan daraxt!
Ana, yonar, yonar tunga oʻchma-oʻch,
Yurakday potirlar har barg olovsaxt.
Ogoh etayotir oʻz bogʻin xavfdan
Yonayotgan daraxt!
Daraxtlar yonmoqda bugun dunyoda,
Yonib, oʻzgalarni uygʻotmoq ne baxt!
Doʻstlarimdir barcha yonayotganlar,
Yuragimdir — YONAYOTGAN DARAXT!
* * *
Osmon sogʻinch kabi poyonsiz, yashil,
Qirlar lahza sayin oʻzga turlanar,
“Qur-qur”lar toʻlmoqda koʻkka muttasil,
Qaytib kelayotir yurtga turnalar.
Tomlarda qizgʻaldoq — argʻuvon mujda,
Togʻlarda lolalar — qirmizi xabar…
Osmoni falakda — shoshqin bir mavjda
Qaytib kelayotir yurtga turnalar.
Qishning zardalari oxir chekildi,
Koʻklam deb kim oʻzi solayotgan jar?!
Borliq nigoh boʻlib koʻkka tikildi,
Qaytib kelayotir yurtga turnalar.
Ana, ana ular! Safbasta, mumtoz,
Barisi bir jonu, bir tanu bir par.
Izidan olamni etkizib parvoz,
Qaytib kelayotir yurtga turnalar.
* * *
Koʻzlaringni yashirgin mendan,
Oʻtib ketay yoningdan befarq,
Oʻtib ketay yoningdan bedard,
Koʻzlaringni yashirgin mendan.
Borligimni payqama,mayli,
Burchaklarda,mayli, qayrilma,
Meni deb tinchingdan ayrilma,
Borligimni payqama,mayli.
Nomim boʻlsa qalbingda agar,
Otib tashla,mayli,tuproqqa.
…Har kuni oʻt shu yoʻlni toptab,
Nomim boʻlsa qalbingda agar.
Kuz yoysa ham yoʻllarga xazon,
Qor koʻmsa ham borliqni butun,
Koʻklam kelib,ursa ham xandon,
Eshigingdan oʻtaman bir kun.
Sochlaringga tushsa hamki oq,
Peshanangni bossa ham ajin,
Kirganda ham gavdangga titroq,
Eshigingdan oʻtaman bir kun.
Mayli,shunda tanimasang ham,
Yoki desang koʻrmayin turqin,
Yoshim yutib,boshim qilib xam,
Eshigingdan oʻtaman bir kun.
Meni demay yumsang ham koʻzing,
Xonang qolsa zulmatga tutqun,
Xotirangga sham boʻlib oʻzim,
Eshigingdan oʻtaman bir kun.
Vaqtim yetib chiqsa bu jonim,
Dardlarimga yasalsa yakun,
Bu dunyoni tark etgan onim
Eshigingdan oʻtaman bir kun.
Ozoda Bekmurodova tayyorladi