Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Tashabbus – 2018” koʻrik-tanlovining Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosqichi “Zarqaynar” milliy liboslar galereyasida boʻlib oʻtdi.
Tumandagi 75 tadbirkor bu koʻrik-tanlovda qatnashish istagini bildirgan. Ular orasidan faoliyati eng yaxshi, deb topilgan 25 tadbirkor va 10 hunarmand saralab olindi.
Koʻrik-tanlovda soʻzga chiqqan Shayxontohur tumani hokimi Sh.Muhammadxonovning taʼkidlashicha, mamlakatda tabirkorlarning emin-erkin faoliyat yurtishi uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan. Bu ishbilarmon doira vakillari faoliyatining samaradorligiga xizmat qiladi.
…Bir qarashda moʻʼjaz, ammo nozik did va mahorat bilan yasalgan naqshinkor yogʻoch qutichalarga havas bilan qaraymiz. Qoʻl mehnati mahsuli – suvenir buyumlar, ayniqsa, xorijlik sayyohlar uchun ajoyib sovgʻa. Usta miniatyurachi-naqqosh Kamoliddin Abdullayevning aytishicha tadbirkoru hunarmandlarning ishini elga tanitishda “Tashabbus” koʻrik-tanlovi oʻziga xos namoyish maydoniga aylangan.
Tanlov yakunida nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Ular “Tashabbus – 2018” koʻrik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.
N.Usmonova, OʻzA