Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi IIB akademiyasida oʻqishni istovchi yoshlar uchun tanlov shartlari haqida maʼlumot berdi.
Shunga koʻra, buyruq asosida fakultetga ichki ishlar organlarining ofitserlar va serjantlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yoʻnalishida oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar va harbiy xizmatchilar tanlov asosida qabul qilinishi belgilangan.
Tanlov ikki bosqichda boʻlib, dastlabki tanlov yoshi oʻn sakkizdan kichik va oʻttiz yoshdan katta boʻlmagan fuqarolar murojaatlari asosida kerakli hujjatlarni toʻplash va oʻrganish jarayoni, hududiy IIB boshliqlari bilan dastlabki yakka tartibdagi suhbat, umumiy jismoniy tayyorgarligi hamda birinchi bosqichdagi tibbiy koʻrik tekshiruvlaridan oʻtkaziladi.
Tanlovning ikkinchi bosqichida IIV akademiyasida nomzodlarning ichki ishlar organlari xizmatiga boʻlgan maxsus-professional va kasbiy psixologik layoqati oʻrganiladi. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat orqali ularning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati, fikrlash qobiliyati va dunyoqarashi baholanadi.
Yarim yillik maxsus kasbiy tayyorlash oʻquv jarayonlarini muvafaqqiyatli yakunlagan ofitser va serjantlar tarkibi xodimlari uchun maxsus kasbiy tayyorlash kursi boʻyicha taʼlim dasturlarini toʻliq oʻzlashtirganligi boʻyicha diplom beriladi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan kurs tinglovchilariga “Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakulteti toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra “leytenant” hamda “serjant” maxsus unvonlari hamda tegishli namunadagi diplom taqdim etiladi.
OʻzA