Poytaxtimizda Oʻzbekiston va Qozogʻiston ayollar biznes-forumi boshlandi

Toshkentda Oʻzbekiston va Qozogʻistonning ishbilarmon, tadbirkor va jamiyat hayotida oʻz faoliyati bilan oʻrnak boʻlib kelayotgan ayollari ishtirokida biznes-forum boshlandi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva kirish soʻzi bilan ochdi va anjuman ishiga muvaffaqqiyat tiladi.

photo5246709122714413384.jpg

– Ushbu biznes-forum Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili eʼlon qilingan joriy yilda oʻtayotganida katta maʼno bor, – dedi Tanzila Norboyeva. – Jamiyatimizda hech bir soha yoʻqki, ayollar ishtirok etmagan, qadami yetib bormagan boʻlsa. Qolaversa, Sharq ayollari siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy sohalarda har doim faol boʻlgani hisobga olinsa, mazkur anjuman mamlakatlarimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan jamiyatimiz ilgʻor tabaqa vakllarining yangi-yangi urinishlariga zamin yaratadi.

photo5246709122714413385.jpg

Qozogʻiston Respublikasi Davlat kotibi, Prezident huzuridagi Ayollar va oila-demografik siyosat milliy komissiyasi raisi Gulshara Abdukalikova mamlakatlarimiz hamkorligi Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma va Stategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma ruhida mustahkamlanib borayotgani, keyingi yillarda Prezidentlarimiz saʼy-harakati bilan yangi bosqichda rivojlanayotgan oʻzaro munosabatlar ayollarning yakdil fikrlashga, har jabhada faol aloqalarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.

photo5246709122714413386.jpg

Oʻzbek ayolining kasbga sadoqati, mehnatkashligi, bagʻrikengligi eʼtirof etilsa, qozoq ayollari ishbilarmonligi, vafosi va sabr-toqati bilan tanilgan. Bunday tadbirlar ana shu fazilatlarni amaliy faoliyatda aks etishiga keng yoʻl ochadi.

photo5246709122714413387.jpg

 

Dilobar Mamatova, OʻzA