Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Ana shu tashrif doirasida yurtimizga kelgan Belarus mamlakatining yirik avtomobil zavodi “BelAZ” ochiq aksiyadorlik jamiyati rahbari Parxomchik Petr Aleksandrovich boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Sanginov bilan uchrashdi.
Doʻstona, samimiy ruhda oʻtgan muloqot davomida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida fikr-mulohazalar almashildi. Uchrashuvda hududlarda qurilayotgan GESlar hamda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida barpo etilayotgan yirik “Pskem” GESining qurilishi uchun zarur boʻlgan 42-45 tonnani tashkil etuvchi ogʻir karyer samosvali yaʼni BelAZ-7547 rusumli avtosamosvallarni xarid qilish va yetkazib berish borasida kelishib olindi.
Qayd etish joizki, 1948 yilda oʻz faoliyatini boshlangan “BelAZ” qurilish sohasida zarur boʻlgan yirik texnika vositalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi avtomobil zavodi hisoblanadi.
Bugungi kunga zavodda ishlab chiqarilayotgan texnikalar qurilish sohasining turli yoʻnalishlarida keng qoʻllanilmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda “BelAZ”ning 700 dan ortiq turli rusumdagi avtosamosvallaridan foydalanilmoqda.
Dunyoga mashhur avtomabil zavodi “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining doimiy hamkori hisoblanadi. Mazkur zavodda ishlab chiqarilgan avtosamosvallar yordamida jadallik bilan qurilish ishlari olib borilayotgan mini, kichik, oʻrta va yirik gidroelektrostansiyalar qurilmoqda.
Uchrashuv soʻnggida “Oʻzbekgidroenergo” va “BelAZ” oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA