Milliy matbuot markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar, ularning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Anjumanda ovqatdan zaharlanish, botulizm va quturish kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablar, ulardan saqlanish va oldini olish choralari muhokama etildi.

Asosan qishda aholi tomonidan konservalangan mahsulotlar isteʼmoli koʻpayishi, hayvonlarning migratsiya jarayoni kuchayishi va urchish jarayoni kechishi fuqarolar salomatligi muhofazasiga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini taqozo etadi.

Ovqatdan zaharlanishning eng ogʻir shakli botulizm boʻlib, uning qoʻzgʻatuvchisi tabiatda keng tarqalgan. Bu mikrob kislorodsiz muhitda koʻpayadi, masalan, konservalashda. Botulizm ogʻir kechishi va oʻlim koʻrsatkichlari yuqoriligi sababli unga qarshi jiddiy chora koʻrish talab etiladi. Bu kasallikni emlab yoki antibiotiklar bilan davolab boʻlmaydi. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida respublika boʻyicha ikki fuqaro botulizmga chalinib vafot etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari quyi davlat tizimi xizmatlari vakillari bilan hamkorlikda 5 ming 454 marta viloyat va tuman bozorlari, 3 ming 977 marta toʻyxona, oshxona va novvoyxonalar, 480 marta mehmonxona va yotoqxonalar, 1 ming 724 marta davolash-profilaktika muassasalari, 5 mingdan ziyod oʻquv muassasalarini oʻrganib chiqdi. Aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot, tushuntirish ishlari olib borildi.

Quturish – virus keltirib chiqaradigan kasallik hisoblanadi. Oʻz navbatida itlar virusni odamlarga yoki boshqa uy hayvonlariga yuqtirishi mumkin. Shu sababli itlarni bogʻliq holda saqlash va oʻz vaqtida emlatish muhim ahamiyatga ega.

Hozirgacha quturish kasalligining davosi topilgani yoʻq. Shu sababli itlar yoki boshqa hayvonlardan tishlanish yoki tirnalish bilan jabrlanganlar kechiktirmasdan quturishga qarshi emlanishi zarur. Maʼlumotlarga qaraganda, respublikamiz boʻyicha shu yilning oʻtgan davrida 45 mingdan ziyod fuqaro quturish kasalligiga qarshi emlangan. Hisob-kitoblarga koʻra, har yili 8 milliarddan ortiq mablagʻ quturishdan davolanish xarajatlariga sarflanadi.

Hayvonlardan jabrlanganlar boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA