“Oʻzbekistonda tugʻilish va yashash faxr ekanligini his etdim”

Kazansev Oleg Vladimirovich sayyoh, Moskva shahri:
– Dunyoning bir qator rivojlangan davlatlarida sayohatda boʻlganman. Menda bir necha yillardan beri Oʻzbekistonga turizm safari bilan kelish niyati bor edi. Oʻzbekiston qanchalik boy tarixga va madaniyatga ega ekanligi haqida bu yerga kelib tushunib yetdim. Bu oʻlkaga qadam ranjida etishim bilan avvalo musaffo havosi tanamni yayratdi.
Sayohatga kelgan turist avvalo oʻzlariga yaratilgan shart-sharoit bilan qiziqadi.Toshkentdagi men joylashgan mehmonxona yashash uchun barcha qulayliklarga ega va xizmat sifatining yuqoriligi koʻnglimga iliqlik baxsh etdi.
Kelgan kunimning ertasiga tongdanoq sayohatimni boshladim.Toshkent koʻchalarining obodligi, olib borilayotgan qurilishlar, barpo etilgan inshootlar, xalq uchun yaratilgan bunday katta imkoniyatlardan koʻzim quvnadi.
Meni har daqiqada vaqtim kamligi bezovta qilar, nimalarnidir koʻrishga, xuddiki ulgurmay qoladigandek shoshar edim.
Oʻzbek milliy taomlari… Oh-oh! Men shu diyorning taomlaridan totib koʻrdim-u, goʻyo ovqatlanishning haqiqiy taʼmini va mazasini ilk marta his etdim. Bu lazzatning taʼrifini keltirishga ojizman.
Sayohatimning ilk kunidanoq Toshkent viloyatida joylashgan “Chorvoq” erkin iqtisodiy zonasiga sayr etdim. Oʻzbekistonga kelishimdan oldin ham bu yurtni jannatmakon diyor, deya taʼriflaganlarini koʻp eshitganman. Chorvoqqa yetib bordim-u, bu mamlakatga nega jannat qiyosi berilganligini tushunib yetdim. Bu yerdagi tabiatning goʻzal manzaralarini koʻrib, haqiqiy jannatni kashf etgandek boʻldim.
“Chorvoq”da mening vaqtim goʻyoki bir daqiqadek oʻtib ketdi-yu, ammo uning zavqi bir umr meni tark etmasa kerak.
Bilasizmi, Oʻzbekistonni taniydigan sayyohlarning koʻpchiligi bu zaminning boy tarixi borligini, buyuk ajdodlari oʻtganligini bilishadi. Bu haqda men ham koʻp eshitganman.
Men bu yerga kelishimdan oldin bu davlatning Amir Temur va uning tarixi haqida, Shahrisabz, Oqsaroy haqida oʻqigandim. Ammo kitoblarda oʻqigan tarix bilan yuzlashganimda, men shoir yoki yozuvchi boʻlmaganimga afsuslandim. Chunki men guvohi boʻlayotgan manzaralarni qobiliyatli ijodkor taʼriflamasa, his-tuygʻularimni taʼriflashga ojizman.
Shahrisabzga kirib kelar ekanman, muhtasham Oqsaroyni va Amir Temurning yashab oʻtgan manzillarini koʻrib, toʻgʻrisi, koʻzlarimga ishonmadim.
Men Shaxrisabzga kirib borganimda, boʻlib oʻtishi kutilayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga tayyorgarlik ishlari avjida edi. Ushbu festivalning oʻtkazilishi uchun Shaxrisabzning tanlanishi eng oqilona va goʻzal ish ekanligini mendan boshqa tashrif buyuruvchilar ham tan olishiga ishonaman.
Afsuski, menga ushbu anjumanda ishtirok etish nasib etmadi. Hozir shu festivalda qatnashayotgan barcha sayyohlarga chin dildan havasim kelyapti.
Koʻpgina xorijiy davlatlarning eʼtiborini tortgan Samarqand va Buxoro shaharlariga qilgan sayohatim, tan olamanki, hayotimdagi eng sermazmun, eng unutilmas kunlarimga aylanishiga shubham yoʻq.
Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalarni aylanib chiqib, nega bu yerga sayohat qilishni orzu qiladigan turistlar sonining koʻpligini tushunib yetdim.
Men ilk bora oʻzbek xonadonlarida boʻlib oʻtadigan oʻzbekona toʻyda ishtirok etdim. Ochigʻi, bunday chiroyli va fayzli toʻylarni boshqa yerda koʻrmaganman va ishondimki, bunday toʻylar bagʻrikeng oʻzbek eliga yarashadi.
Taʼkidlashim joizki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovichning olib borayotgan islohotlari, amalga oshirayotgan innovatsion loyihalaridan bosh maqsad, avvalo xalqi iqtisodiyotini boy qilish, turmushlarini farovon etishlaridan iboratligini men koʻzlarim bilan koʻrib, guvoh boʻldim va bu tinch elga, gullab-yashnagan diyorga havasim keldi. Men Oʻzbekistonga qilgan sayohatimdan olam-olam maʼno oldim. Mening oila aʼzolarim ayrim sabablar bilan Oʻzbekistonga kela olishmagan edi. Qisqa fursatlar ichida ularni ham men bahra olgan ushbu jannatmakon yurtga olib kelishni niyat ayladim.
Sayohatimdan shuni angladimki, keyingi yillar ichida Oʻzbekiston erishayotgan katta yutuqlar bejizga emas ekan!
Oʻzbekistonda tugʻilish va yashash faxr ekanligini his etdim!

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA