Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov 22-maktabda “Mustaqillik darsi“ni oʻtdi

Joriy yilning 5-sentyabr kuni Olmazor tumanidagi barcha umumtaʼlim maktablarida “Birinchi qoʻngʻiroq“ tadbirlari tashkil etildi.
 
44bc1f2d-d978-4a3f-966d-c6f159984e68.jpg
Bu yil ilk marotaba maktab ostonasiga qadam qoʻygan 5578 nafar 1-sinf oʻquvchilariga 12 nomdagi oʻquv qurollari va portfellar sovgʻa qilindi. Maktablarga tashrif buyurgan 87 nafardan ziyod yuqori tashkilot rahbarlari tomonidan 47 mingdan ziyod oʻquvchilarimizga “Mustaqillik darslari“ tashkil etildi.
Jumladan, tumandagi 159-sonli maktabga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Rustam Qosimov, Oliy Majlis deputati, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Alisher Qodirov, Metallurgiya zavodi direktori Ulugʻbek Toshpoʻlatov, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Qahramon Oripov va boshqalar tashrif buyurdi va oʻquvchilar bilan tinchlikning qadri, yaratilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanish yuzasidan suhbatlar oʻtkazdilar.
Eng quvonarli jihatlardan yana biri – Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov oʻzi oʻqigan 22-maktabda “Mustaqillik darsi“ni tashkil etdi. Maktabning bugungi hayoti bilan tanishib, taʼlim dargohini rivojlantirish boʻyicha alohida ustuvor vazifalarni belgiladi.
Shuningdek, tumandagi 196-maktabga maktabning sobiq bitiruvchisi, Soliq qoʻmitasi raisi Begzod Musayev tashrif buyurib, maktabning informatika xonasiga kompyuterlar sovgʻa qilish istagini bildirdi.
Olmazor tuman xalq taʼlimi boʻlimi nomidan tumanga tashrif buyurib, bolajonlarimizning quvonchiga sherik boʻlgan barcha rahbarlarga va mehmonlarga minnatdorlik izhor etamiz!

 

Zamira Azimboyeva, OʻzA