Rossiyalik jahon chempioni mahorat saboqlari oʻtkazdi.

Poytaxtimizda joylashgan “Universal” sport majmuasida havaskor va professional boks boʻyicha jahon chempioni Konstantin Szyu mahorat saboqlarini oʻtkazdi.

Unda 100 dan ortiq havaskor bokschilar ishtirok etdi. Ular tajribali bokschidan texnik va taktik jismoniy mashqlar sirini oʻrgandi.

– Mamlakatda sportga ulkan eʼtibor qaratilayotganiga guvoh boʻldim. Yutuqlar tasodif emasligiga yana bir karra ishonch hosil qildim, – deydi jahon chempioni K.Szyu. – Mahorat saboqlarida koʻrsatmalarimni bexato bajarishga harakat qilayotgan bolalarni koʻrib, ochigʻi, havasim keldi. Oʻzbek boks maktabi juda kuchli. Kelajakda bu bokschilardan ham chempionlar chiqishiga ishonaman.

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Professional boks federatsiyasi tashkil etgan mahorat saboqlari soʻnggida K.Szyu va Osiyo oʻyinlari gʻolibi, hamyurtimiz Isroil Madrimov oʻrtasida sparring jang oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII Osiyo oʻyinlarida bokschilarimiz 5 oltin va 2 kumush medalni qoʻlga kiritib, yuqori natija qayd etdi.

 

J.Toshxoʻjayev, OʻzA