Joriy yilning 30-iyun kuni “Rossiya 24” telekanalida “Shoxpaxta” koni haqida uzatilgan lavhada qoʻshma gaz ishlab chiqarish litsenziyasi yana besh yilga uzaytirilganligi maʼlum qilindi.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati maʼlum qilishicha, amaldagi litsenziyaning muddati 2019-yilning mart oyida tugaydi. Joriy yilning may oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridaoʻtkazilgan xalqaro iqtisodiy forum doirasida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va “Gazprom” ochiq aksiyadorlik jamiyati oʻrtasidalitsenziya muddatini yana 5 yilga uzaytirishga kelishilgan.
Bu kon 1962-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani hududidagi Ustyurt platosining janubi-sharqiy qismida ochilgan. Undagi rekonstruksiya va qazish ishlari 2004-yilda 15-yillik muddatga imzolangan mahsulot taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga koʻra amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2004-yilning avgust oyidan buyon “Shoxpaxta” konida 4 milliard kub metrdan ortiq gaz qazib olingan. Oʻtgan yil gaz qazib olish hajmi 311,4 million kub metrni, joriy yilning 15 avgust kuniga qadar ushbu koʻrsatkich 176,4 million kub metrni tashkil etgan.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA