Oqilona valyuta siyosati – taraqqiyot omili

2017 yilning 2 sentyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʻlon qilindi. Mazkur farmonga muvofiq, mamlakatimizda valyuta munosabatlarini tartibga soladigan hamda yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani erkin sotish va sotib olishga imkon beradigan yangi bozor mexanizmini joriy qilish boshlandi.
Yangi tartibga koʻra, endi milliy valyutamizning chet el valyutasiga nisbatan ayirboshlash kursi valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga boʻlgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan boʻldi.
Maʻlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 7 fevralda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonning “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan boʻlimida valyuta siyosatini isloh qilish ushbu yoʻnalishdagi birinchi zaruriy qadam ekanligi taʻkidlangan va islohotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan pul-kredit, soliq-byudjet va iqtisodiy siyosatning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan saʻy-harakatlarning samarali muvofiqlashtirilishiga bogʻliqligiga alohida urgʻu berilgan edi. Shu bois, ushbu farmon eʻlon qilingan kundan boshlab mutasaddi idoralar mazkur masalani talab darajasida hal etish uchun keng koʻlamli tayyorgarlik ishlarini olib borishdi.
Eng avvalo, valyuta siyosatini erkinlashtirishga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida eʻlon qilindi va umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Mazkur masalaga qiziqqanlar unga nisbatan oʻz fikr va mulohazalarini bayon qilishdi. Portalga tushgan takliflar valyuta siyosatini erkinlashtirish boʻyicha qabul qilingan farmonni boyitishga xizmat qildi.
Yurtimizda milliy valyutamizni xorijiy valyutalarga erkin konvertatsiya qilish mexanizmini takomillashtirish bilan bogʻliq oʻta muhim bir jihat namoyon boʻlganligini eʻtirof etish lozim. Yaʻni ayrim davlatlarda milliy pul birliklarini konvertatsiya qilishning boshlanishi hamma uchun mutlaqo kutilmagan paytda va oldindan eʻlon qilinmasdan boshlanadi. Shu bois koʻpchilik gʻaflatda qoladi va bundan juda katta moddiy zarar koʻradi.
Bizda esa, bundan farqli oʻlaroq, oʻzbek soʻmining konvertatsiyasi boshlanishi 2017 yilning boshidayoq hammaga maʻlum qilindi. Konvertatsiyaning 5 sentyabrdan boshlanishi haqidagi qaror ham 2 sentyabrda eʻlon qilindi.
Milliy pul birligining erkin konvertatsiya qilinishi nima uchun kerak, degan savol koʻpchilikni oʻylantiradi. Bu savolning javobi Prezidentimiz tomonidan 2 sentyabrda imzolangan tarixiy farmonda bayon etilgan. Konvertatsiya, eng avvalo, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, eksportni ragʻbatlantirish, korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish uchun zarurdir.
Xorijiy investor uchun har qancha imtiyozlar berilib, jozibador muhit yaratilsayu, lekin milliy pul birlik erkin konvertatsiya qilinmasa, aksariyat investorlar bunday mamlakatga kelishga jazm qila olmaydi. Negaki, xorijiy sarmoyador bunday sharoitga koʻnikishi qiyin. U boshqa davlatlardan olib kelgan valyutasini xohlagan paytda va xohlagan miqdorda konvertatsiya qilishi, ayniqsa, oʻzi ishlab topgan foydani boshqa mamlakatga olib ketish imkoniyatiga (huquqiga) ega boʻlishi kerak. Mazkur farmon yurtimizda shunday sharoitni yaratdi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizga xorijdan kelayotgan investitsiyalar miqdorining keskin oshishiga huquqiy va moliyaviy asos boʻlib xizmat qila boshladi.
Mazkur farmonda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning ijobiy jihatlari juda koʻp boʻlib, ulardan biri xorijga mahsulot va xizmatlar eksport qiluvchi korxonalar faoliyati bilan bogʻliq. Yaʻni valyuta sohasini liberallashtirish mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishni ragʻbatlantirish boʻyicha ham qator yangi imkoniyatlar yaratdi. Masalan, mamlakatimiz yuridik shaxslari tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlari kabi toʻlovlarni amalga oshirishi uchun xorijiy valyutalarni cheklovsiz sotib olish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bir paytning oʻzida barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish boʻyicha talab ham bekor qilindiki, buning tadbirkorlik muhitiga koʻrsatadigan ijobiy taʻsirini soʻz bilan ifodalash qiyin.
Kezi kelganda shuni ham alohida qayd etish kerakki, Markaziy bank valyuta siyosatini liberallashtirish masalasida eng toʻgʻri va oqilona usullardan foydalanyapti. Valyuta siyosatiga taʻsir koʻrsatadigan tashqi va ichki omillar chuqur oʻrganilib, ular toʻla eʻtiborga olinmoqda. Xorijiy valyutani hozircha naqd koʻrinishida emas, balki faqat chet elda ishlatish mumkin boʻlgan konversion kartalarga tashlab berilayotganligi ham bugungi kun uchun toʻgʻri. Chunki mamlakat ichida milliy pul birligidan boshqa valyutalar muomalada boʻlishi maqsadga muvofiq emas. Qolaversa, mazkur usul dollarlashib ketgan iqtisodiy hayotni bu salbiy holatdan ozod qilishga ham xizmat qiladi.
Uzoq vaqt davomida koʻnikib qolgan sharoit oʻzgarishining yuridik va jismoniy shaxslar hayotiga vaqtinchalik xarakterga ega boʻlgan salbiy taʻsirlari ham borligi koʻpchilik uchun sir emas. Shu bois, farmonda mutasaddi tashkilotlar ularni yumshatish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqishi va izchillik bilan amalga oshirishi zarurligi ham koʻrsatilgan. Masalan, valyuta siyosatini liberallashtirish jarayonida bank tizimi uchun vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish, tayanch tarmoqlar korxonalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur choralar koʻrish, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari turmush darajasiga koʻrsatishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi belgilangan edi va ular izchillik bilan amalga oshirilyapti.
Shu oʻrinda, koʻpchilikni oʻylantirib kelayotgan bir masalaga alohida toʻxtalib oʻtishni maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz. Yaʻni aholi va tadbirkorlik subyektlarini soʻm ayirboshlash kursining kelgusi davrdagi holati tashvishga solmoqda. Ayrimlar hamon soʻm kursining barqaror saqlanishiga xavotirlik bilan qarashmoqda.
Oʻzbek soʻmining qadri taqdiridan xavotirlanish oʻrinsiz ekanligini oʻtgan bir yillik holat koʻrsatib berdi. Unga koʻra, dastlab soʻmning kursi oshgan, keyinroq esa, yaʻni 2017 yilning dekabr va 2018 yilning yanvar oylari boshlarida soʻmning kursi pasayib, 8187 soʻmgacha tushgan. Lekin mutasaddi idoralarning oʻz vaqtida koʻrgan chora-tadbirlari natijasida 2018 yil fevral oyidan boshlab soʻmning AQSH dollariga nisbatan kursi tobora osha bordi va 2018 yilning 14 avgustida u 7790 soʻmni tashkil etdi. Soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, oʻzbek soʻmining quvvati 2017 yilning 5 sentyabriga nisbatan 3,8 foizga oshgan.
Bugun mamlakatimizda soʻm ayirboshlash kursi valyutaga boʻlgan talab va taklifga mos ravishda oʻzgarib bormoqda. Mutasaddi tashkilotlar valyuta siyosatini bozor talablaridan kelib chiqib, mohirona boshqara olishlari mumkinligini amalda isbotlab boʻlishdi.
Demak, soʻmni ayirboshlashning bozor mexanizmiga oʻtishning eng ogʻir boʻlgan dastlabki yilida uning kursi boshda belgilangan 8100 soʻmdan pasayishi faqatgina 4 oy, yaʻni 2017 yilning dekabr – 2018 yilning mart oylari boshida yuz bergan, xolos. Qolgan oylarda esa soʻmning kursi (ozgina istisnolar bilan) asosan oshib borgan. Bugun ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bunday ijobiy tendensiyaning kelgusi davrda ham saqlanib qolishiga mamlakatimizda barcha asos yaratildi.
Umuman olganda esa, valyuta bozorini erkinlashtirish va valyuta ayirboshlash kursining bozor mexanizmlarini joriy etish mamlakatimizda valyuta siyosatini tashkil etish va boshqarishning yangi bosqichini boshlab berdi, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilashga xizmat qilyapti, iqtisodiy oʻsish suratlari yanada yuqori boʻlishi va xalq turmush darajasining keskin oshishi uchun ishlatilayotgan muhim moliyaviy dastaklardan biriga aylanib ulgurdi.
Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor.

 

OʻzA