Orolboʻyi hududida yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda

“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpogʻiston Respublikasida qurilish materiallarini ishlab chiqaradigan korxonalar sonini koʻpaytirish hamda bu hududda yashayotgan aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan taʻminlashga alohida eʻtibor qaratmoqda.
Shu sababli Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda jamiyat tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2018-2019-yillarda amalga oshiriladigan qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarining manzilli roʻyxati shakllantirilib, tarmoq jadvallari ishlab chiqilgan. Ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
Mazkur manzilli roʻyxatga koʻra, Amudaryo tumanida “Amudaryo maxsus qurulish” masʻuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 68,8 ming dollarlik (shundan, 18,8 ming dollar oʻz mablagʻi va 50,0 ming dollar bank krediti) loyiha joriy yilning iyun oyida ishga tushirilishi natijasida temir beton mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvati 5 ming kub metrga oshirildi va 6 ta qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu korxona tomonidan 25 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʻminlangan.
Kegeyli tumanida “Xalqabad invest” masʻuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 125,0 ming dollar (shundan, 31,0 ming dollar oʻz mablagʻi va 94,0 ming dollar bank krediti) boʻlgan va yiliga pishiq gʻisht ishlab chiqarishni 2 million donaga kengaytirish loyihasi joriy yilning iyul oyida amalga oshirilib, 20 nafar fuqaro doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.
Ishga tushirilgan quvvatlar natijasida bugungi kunda nafaqat Amudaryo va Kegeyli tumanlari, balki qoʻshni tumanlar aholisiga hamda arzon namunaviy uy-joylar qurayotgan tadbirkorlik subyektlariga sifatli temir-beton mahsulotlari va gʻisht yetkazib berilmoqda.
Joriy yilning yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida qator ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish koʻzda tutilmoqda.
Qoraoʻzak tumanida sement ishlab chiqarishga moʻljallanganyangi quvvat ulardan biri. “Qaraqalpaq sement” masʻuliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha qiymati 9 million 375 ming dollar oʻz mablagʻi oʻzlashtirilishi natijasida bu yerda yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi moʻljallanayotgan ushbu korxonada 200 ta ish oʻrni yaratiladi.
– Albatta, bu kabi yangilik va oʻzgarishlar xalqimiz farovon hayotini taʻminlashga qaratilgani bilan quvonarlidir, – dedi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tashkiliy tuzilmasidagi “QurilishmateriallariLITI” MCHJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi mutaxassisi Mahmud Pirniyazov. – Bu borada birgina qurilish sanoati ravnaqiga ahamiyat beradigan boʻlsak, tizimdagi yangi korxonalar va ular tomonidan sifatli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarilayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Shu sababli jamiyat tomonidan sanoatning boshqa tarmoq korxonalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlarida ham ishga tushirishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Masalan, Qoraoʻzak tumanida “Titan sement” masʻuliyati cheklangan jamiyati tomonidanloyiha qiymati 37,8 million dollar (shundan 18 million dollar oʻz mablagʻi, 16,8 million dollar bank krediti va 3 million dollar xorijiy investitsiya) oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur loyiha joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi natijasida 140 ta yangi ish oʻrni vujudga keladi. Hozir bu yerda ishlab chiqilgan qurilish loyihasi boʻyicha sement zavodiga yuqori bosimli alohida gaz quvurlari tortish, sement qadoqlash uchun bino qurish, xorijda ishlab chiqarilgan asbob-uskunalarni montaj qilish ishlari olib borilmoqdava elektr taʻminoti uchun yuqori kuchlanishdagi podstansiyasidan elektr kabeli tortilmoqda. Korxonada kelgusida sement ishlab chiqarish quvvatini yiliga 1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilishi ham izlanayotgan imkoniyatlar samarasidir.
Ohak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan quvvat Qoraoʻzak tumanidagi uchinchi loyihadir. Tumandagi “Dayplast Nukus” masʻuliyati cheklangan jamiyati to
monidan loyiha qiymati 7 million 875 ming dollar bank kredit mablagʻlari oʻzlashtirilishi evaziga yiliga 150 ming tonna ohak ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha joriy yilning dekabr oyida ishga tushirilishi natijasida 146 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Ayni chogʻda loyiha boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki tomonidan 4 million 102 ming AQSH dollariga akkreditiv ochilgan. Bu yerda qurilish montaj ishlari boshlangan.
– Orolboʻyidagi yana ikkita yangi quvvatlar loyihasi Taxiatosh tumani hududida amalga oshirilmoqda – dedi Mahmud Pirniyazov.– Ulardan biri“Tau Kita” masʻuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 5 million500 ming dollar oʻz mablagʻi hisobiga yiliga 250 ming kub metr temir-beton mahsulotlariniishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi joriy yilning yakuniga qadar ishga tushirilishi belgilangan. Shuningdek, “Olmaliq kon- metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tumanda qiymati5 million 500 ming dollar miqdoridagi oʻz mablagʻi hisobidan yillik quvvati 250 ming kub metr temir beton mahsulotlari va moʻrt (inert) materiallar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi kelgusi yilda amalga oshirilishi moʻljallangan. Mazkur yangi quvvat ishga tushirilishi natijasida yana 105 ta ish oʻrni vujudga keladi.
Muxtasar aytganda, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining bu kabi ulkan rejalaridan maqsad ayon: bu xalqimizga mahalliy xomashyodan qurilish materiallari yetkazib berish va jamiyat hayotida muhim boʻlgan bandlik masalasini taʻminlashga hissa qoʻshishdir.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA