Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin 24 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri Botir Xoʻjayev bilan uchrashdi.

Muzokarada savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, energetika, neft-gaz kabi sohalarda hamkorlik, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari haqida soʻz yuritildi.

Hududlar oʻrtasida faol muloqotni davom ettirish hamda joriy yilning kuzida Toshkent shahrida oʻtadigan Oʻzbekiston va Rossiyaning birinchi hududlararo forumini tashkil etish masalalariga eʻtibor qaratildi.

Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanayotgani, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida oʻtgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga mazkur tashrifi moliya sohasidagi hamkorlik munosabatlarida ham yangi sahifa ochgani qayd etildi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz vazirlik va idoralari oʻrtasida moliya sohasidagi hamkorlik, sarmoya, energetika, qishloq xoʻjaligi, mehnat faoliyatini tashkil etish kabi yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tashqi savdo vazirligidagi uchrashuvda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining joriy yil sentyabr oyida Moskvada oʻtadigan navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik masalalari xususida soʻz yuritildi. Shuningdek, eksportni qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashtirilgan milliy muassasalar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha takliflar oʻrganib chiqildi.

Rossiya delegatsiyasi aʻzolari boshqa qator vazirlik va idoralarda ham muzokara oʻtkazdi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA