Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi Fuqarolarning kafolatlangan mehnat xuquqlarini taʻminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan hamkorlikda “Qishloq hoʻjaligida, sanoat va savdoda mehnat muhofazasi: milliy va xalqaro tajriba, istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati tashkil etdi.
Taʻkidlanganidek, mamlakatimizda mehnat munosabatlarini tartibga solishda milliy qonunchilik bazasi bilan bir qatorda davlatimiz tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalar hamda Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasida imzolangan Munosib mehnat boʻyicha 2017-2019 yillarga moʻljallangan dastur, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “2018-2020 yillarda Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hujjat ahamiyatlidir.
XMTning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari normalari, talablarining tashkilotlarda ijro etilishi ustidan monitoring va nazorat qilish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʻminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi tomonidan ham korxona va tashkilotlarda, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar normalarini qoʻllash, majburiy mehnatga va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik masalalari boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan axborot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalariga muvofiq ayni paytda milliy qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Mehnatkashlar xavfsizligini taʻminlashga doir qonun-qoidalar toʻgʻrisida batafsil maʻlumot berildi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qoʻmitaning tegishli taklif va tavsiyalari qabul qilindi.
Inobat Ahatova, OʻzA