Ko‘ksaroydagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Qo‘shma bayonotni, O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida shartnomani imzoladilar.
Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, antimonopol siyosat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, geologiya sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish, harbiy, ilmiy-texnikaviy, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, ta’lim, yoshlar, madaniyat va san’at masalalariga doir jami 26 hujjat imzolandi.
Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid, jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.
Davlat rahbarlari oliy darajadagi muzokaralar va uning natijasida erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ular orasida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
O‘zA