Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Tojikiston Prezidenti ushbu muazzam maydon O‘zbekistonning tinchliksevar siyosatini, xalqimizning bunyodkorlik va farovonlik yo‘lidagi ezgu intilishlarini aks ettiruvchi noyob majmua ekanini alohida ta’kidladi.
Oliy martabali mehmonga Mustaqillik maydoni me’moriy yechimi, teran ma’no-mazmuni haqida ma’lumot berildi. Maydon markazida qad rostlagan Mustaqillik va ezgulik monumenti O‘zbekiston tanlagan yo‘l – Mustaqillik yo‘lini targ‘ib qilish, o‘zbek xalqining bunyodkorlik salohiyatini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ziyodulla Jonibekov, Oqil G`ulomov (surat), O‘zA