Gollandiya va O‘zbekiston qishloq xo‘jalik vazirliklari hamkorlik protokolini imzoladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish, uni iqtisodiyotning muhim bo‘lagi sifatida rivojlantirish, fermer va dehqonlar malakasini oshirish, ular yetishtirgan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Niderlandiyaning qishloq xo‘jaligi sohasini har tomonlama rivojlantirishdagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, davlatlar, xususiy sektor va ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Nidelandiyaga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrifning ilk kunida Niderlandiya qirolligi qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va oziq-ovqat sifati vaziri o‘rinbosari Marelin Sonnema xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi. U O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, iqtisodiyotdagi ilg‘or texnologiyalar va ishlanmalarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalarini yuksak baholab, o‘zbek dehqonlarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda Niderlandiya hukumati ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligi ma’lum qildi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari aks ettirilgan protokol imzolandi.
– Birga ishlash uchun imkoniyatlar katta ekanligiga ishonch hosil qildik. O‘zbekiston bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistondagi o‘zgarishlar Gollandiya kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bugun biz bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, sut mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida keng imkoniyatlarni ko‘ryapmiz, – deydi Marelin Sonnema.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari qishloq xo‘jaligi sohasida jahonda yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri – Vageningen universitetining tadqiqot markazida ham bo‘lishdi. Markaz xalqaro miqyosda qishloq xo‘jaligi uchun mutaxassislar tayyorlaydi. Xususan, unda dunyoning 100 davlatidan o‘n mingga yaqin talabalar bilim oladi, innovatsion ishlanma va dasturlar amalga oshiriladi. Markaz hukumat, xususiy kompaniyalar, ta’lim muassasalarining o‘ziga xos platformasi hisoblanadi.
photo_2018-08-522.jpg
Niderlandiyada bog‘dorchilik iqtisodiy rivojlanishning 9 ta ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari uchun bog‘dorchilikning asosiy yo‘nalishlari hamda tayanch ma’lumotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Universitetning ilmiy-amaliy issiqxona kompleksi bilan ham tanishildi. Bu yerda ilmiy ishlanmalarni qo‘llash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishdan manfaatdor bo‘lgan xususiy kompaniyalar buyurtmalarini bajarish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Delegatsiya a’zolari tashrif buyurgan keyingi obyekt gollandiyalik ishlab chiqaruvchilar uyushmasi bo‘ldi. Mazkur Assotsiatsiya agrokompaniyalarni birlashtiradi hamda meva-sabzavotlar marketingi bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda Niderlandiya yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning 80 foizi uyushma a’zolari ulushiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami aylanmasi esa yiliga 12 milliard yevrodan oshadi.
Uyushma rahbariyati ichki va tashqi bozorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish zanjirini yaratishda tajriba almashish bo‘yicha o‘zbekistonlik fermerlar bilan hamkorlik qilish, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bozorlariga kirish, mahsulotlarni sertifikatsiyalash va logistika bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Niderlandiya agentligida dehqonchilik xo‘jaliklarini mehanizatsiyalash, parrandachilik firmalari uchun asbob-uskunalarni ishlab chiqarish va O‘zbekiston dehqonlari uchun urug‘lar va zotdor mollarni yetkazib beruvchi kompaniyalar vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Gollandiyalik hamkorlar O‘zbekistonda Niderlandiya kompaniyalari uchun texnik markaz tashkil etish rejasi borligini ma’lum qilishdi.

 

O‘zA